Buxoro viloyati — yurtimizning tarixiy hududlaridan biri hisoblanib, to‘qimachilik sanoati asrlar davomida rivojlanib kelgan katta maktabga tayanadi.
Hozirda Buxoro viloyatida jami 420 ta yengil sanoat korxonalari faoliyat yuritib, viloyatning iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissalarini qo‘shmoqdalar.
Korxonalarda 28 mingdan ziyod aholi doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlangan, shundan 8 mingdan ortig‘i to‘qimachilik sanoatini qishloq xo‘jaligi bilan integratsiyasi mahsuli bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasterlarida faoliyat yuritishadi.
Jahonda kechayotgan koronavirus pandemiyasi natijasida joriy yilning mart oyining ikkinchi yarmidan boshlab to‘qimachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabning keskin qisqarishi, karantin talablarining joriy etilishi viloyatdagi korxonalar faoliyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Vaziyatni to‘g‘ri baholay olgan Uyushmaning Buxoro filiali tezlik bilan viloyat rahbariyatiga ishchi xodimlarni tashish, sanitariya qoidalarini joriy etish bo‘yicha mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha o‘z takliflari bilan chiqib, korxonalar faoliyatini to‘xtashiga yo‘l quymadi.
Uyushma filiali viloyat hokimligi va prokuraturasi bilan birgalikda Ishchi guruh tashkil etilib:
- karantin qoidalariga rioya qilgan holda ishlab chiqarish faoliyatini davom ettirish bo‘yicha ko‘rsatmalar (broshyura shaklida);
- korxonani karantin paytidagi faoliyati bo‘yicha eslatmalar (ishchilarni sanitariya normalariga rioya etgan holda tashish, niqoblar va antiseptik moddalar bilan ta’minlash, vaxta usulida ish tashkil etish);
- karantin paytida ishlab chiqarish faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni (sanitariya qoidalari buzilishi) monitoring qilish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida viloyatdagi to‘qimachilik korxonalari joriy etilgan karantin holatidan faoliyati to‘xtamasdan (karantin joriy etilgan kundan tashqari) chiqib keta oldi.
Shuningdek, aprel oyining 27-29 kunlarida Buxoro viloyatida bo‘lgan noqulay ob-havo tufayli Olot, Qorako‘l va Jondor tumanlarida joylashgan to‘qimachilik korxonalari va klasterlar jiddiy zarar ko‘rdi.
Har tomonlama tayyorgarlik ko‘rgan va yetarli darajada malakaga ega filial tomonidan ushbu talofat natijasidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rildi.
Filial Respublika ishchi guruhi tarkibida korxonalar ko‘rgan zararlarni aniqlagan holda ma’lumotlar jamlash, ular asosida tegishli banklar, vazirlik, tashkilot va idoralar bilan birgalikda muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda ishtirok etdi hamda korxonalar faoliyati tiklana boshladi.
Xususan, Buxoro shahridagi “Le Uat de Buxara” MCHJ QK va “Qorakul kumush kalava” MCHJ da 27 aprel kuni shamol tufayli texnologik uskunalar elektron qismlari va dvigatellari kuyishi sodir bo‘lgan. Filial tomonidan ishchi guruhga ma’lumot kiritilib muammoni zudlik bilan hal etilishiga erishilgan va korxonalar faoliyati tiklangan.
Olot tumanidagi “Zarxal teks” MCHJ, Jondor tumanidagi “Global mega tekstil” MCHJ tabiiy ofat tufayli bino inshootlari zarar ko‘rgan va elektr energiyasi ta’minotidan uzilgan, bugungi kunda korxonalarni elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
“Merganteks” MCHJning Olot va Qorako‘l tumanlaridagi paxta maydonlari 80%, paxta tozalash zavodi bino inshootlari shamol va yomg‘irdan zarar ko‘rganligi aniqlanib, faoliyatni tiklash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi va hozirgi kunda mahsulot ishlab chiqarish va eksport yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, koronavirus pandemiyasi va tabiiy ofatlar paytida korxonalar faoliyatini uzluksizligini ta’minlagan uyushma filiali, yangi to‘qimachilik loyihalarini amalga oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, investitsiyalarni jalb etish borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.
Filial tomonidan Respublika Ishchi guruhi tarkibida tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan Olot, Qorako‘l va Jondor tumanlarida 5 ta to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihalar shakllantirib, ularni ishga tushirish tarmoq jadvallari ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, “Nigora” MCHJ tomonidan yillik 500 ming dona ko‘ylak, 500 ming dona shim ishlab chiqarish quvvatiga ega loyihasi, “Parvoz Xumo ravnaq trans” MCHJ ning 2 bosqich (trikotaj mato, bo‘yoq va gul bosish) loyihasi, “Vobkent tola klaster“ MCHJ korxonasining yillik 8 ming tonna ip kalava ishlab chiqarish loyihasi, “Ekvotarial uniforma” MCHJ korxonasining 1400 ish o‘rinli loyihalarini qurilish ishlarini va texnologik uskunalar xaridi bo‘yicha moliyalashtirishga oid takliflar ishlab chiqilgan hamda tegishli banklar, vazirlik, tashkilot va idoralarga hujjatlar tayyorlangan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining Buxoro filiali vakillari tomonidan olib borilgan ishlar, ko‘rilgan chora-tadbirlar favqulodda vaziyatlarda o‘ziga xos qo‘llanma shaklida foydalanish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




