“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasida Shri-Lankaning Batik, qoʻlda ishlangan toʻqimachilik va kiyim-kechak vaziri Dayasiri Jayasekara bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv xorijiy partiya tashabbusi bilan tashkil etildi. Delegatsiyani “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov qabul qildi. Tomonlar hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qildilar.
Toʻqimachilik va tikuvchilik mahsulotlarini loyihalash, ishlab chiqarish va eksport qilish Shri-Lankadagi eng yirik tarmoqlardan biri boʻlib, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Shri-Lankaning kiyim-kechak sanoatida mamlakat ishchi kuchining qariyb 15% ishlaydi, bu mamlakat umumiy eksportining yarmiga toʻgʻri keladi va Shri-Lanka oʻz aholisiga nisbatan kiyim-kechak ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi. Yillik toʻqimachilik mahsulotlari eksporti taxminan 6 milliard dollarni tashkil qiladi. Va asosiy savdo bozori AQSHdir – 2,5 milliard dollardan ortiq eksport, bu Shri-Lankani ushbu bozorga toʻqimachilik mahsulotlarining eng yirik eksportchilaridan biriga aylantiradi.
Nega Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati Shri-Lankalik hamkorlar uchun qiziq, holbuki mamlakatning oʻzi toʻqimachilik mahsulotlarining yetakchi eksportchisi hisoblanadi?
Vazir D.Jayasekaraning soʻzlariga koʻra, Shri-Lankaning toʻqimachilik sanoati, ayniqsa, mato va qoʻlda tikilgan tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish jadal rivojlanmoqda. Soʻnggi oʻn yilliklarda mamlakat toʻqimachilik mahsulotlarini ishonchli yetkazib beruvchi sifatidagi mavqeini mustahkamladi. Uzoq davom etgan “Clothes without guilt” kampaniyasining bir qismi sifatida Shri-Lanka kiyim-kechak sanoati savdo uyushmasi axloqiy sabablarga, jumladan, bolalar mehnatiga qarshi kurashga sodiqligini taʼkidladi.
Vazir jahonda roʻy berayotgan soʻnggi voqealar, xususan, pandemiya bilan bogʻliq boʻlgan voqealar, transport va xomashyo narxlarining keskin oshishi Shri-Lanka toʻqimachilik sanoatiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazganini, muqobil manbalarni izlash zarurligini taʼkidladi. Oʻzbek ip va gazlamalari oʻzining yuqori sifati bilan yuksak qadrlanadi va yuqori sifatli hisoblanadi. Batik va boshqa kiyimlarni qoʻlda ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifati katta ahamiyatga ega. Oʻzbekiston esa Shri-Lanka ishlab chiqaruvchilari uchun uzoq muddatli hamkorga aylanishi mumkin. Mahsulotlarni yetkazib berish taxminan 40 kun davom etishiga qaramay, Shri-Lanka Oʻzbekiston tomonining takliflarini koʻrib chiqishga tayyor.
I.Xaydarov oliy martabali mehmonga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarining yoʻlga qoʻyilishi mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini kengaytirish, ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni faol rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Uyushma Shri-Lanka bilan toʻqimachilik sohasida hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor va ikki davlat ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyishda vazirlikka yordam berishga tayyor.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar toʻqimachilik sanoati sohasida hamkorlik boʻyicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar. Delegatsiya aʼzolari ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishish, mahsulot yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzish maqsadida Buxoro, Namangan va Toshkent viloyatlari korxonalarida boʻladi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



