“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlarining bir guruh vakillariga minnatdorlik tabriknomalari topshirildi.
Buxoro viloyatidagi “Merganteks” paxta to‘qimachilik klasteri rahbari Ibrohim Hamroyev “Eng ko‘p ish joylari yaratgan tadbirkor” sifatida taqdirlandi. Muxbirimiz uning fikrlarini yozib oldi.
– Faoliyatimizni 1993 yilda 3 kishi boshlaganmiz. Ishlab chiqarishni rivojlantirish hisobiga joriy yilda ishchilar sonini 1,5 mingga yetkazishni ko‘zlaganmiz. Albatta, har bir tadbirkor o‘zining shijoati va imkoniyatidan samarali foydalanishga harakat qiladi. Lekin faqat bu xislatlarning o‘zi ish boshlashga kam. Yurtingiz tinch, faoliyatingiz davlatingiz tomonidan tinimsiz qo‘llab-quvvatlanib turilsa, huquqlaringiz qonun bilan kafolatlansa ishingizda unum, baraka bo‘ladi.
Hozirgina davlatimiz rahbarining bizga minnatdorlik izhor etilgan tabriknomalarini oldik, bundan juda xursandmiz. Bu e’tirof katta sharaf. Prezidentimiz biz, tadbirkorlarni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayapti, hademay boshlanadigan uchrashuv ham shundan dalolat. Ana shunday qo‘llab-quvvvatlov bilan mamlakatimizda paxta-to‘qimachilik klasterlari tarmog‘i vujudga keldi. Biz ham faoliyatimizni kundan-kunga rivojlantirib, jahon bozorida o‘z o‘rnimizni topish uchun astoydil harakat qilayapmiz.
Ilgari O‘zbekiston faqat paxta xomashyosini sotgan bo‘lsa, hozir chetga eksport qilinayotgan tayyor to‘qimachilik mahsulotlarimiz son-sanoqsiz. Albatta, shu safda “Merganteks” ham bor. Bugun tadbirkorlar bilan bo‘ladigan uchrashuv biz, tadbirkorlarga yangi imkoniyatlarni ochadi.
Abdulaziz Musav, O‘zA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



