Mustaqilligimizning 29 yilligi bayrami arafasida 6 ta toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari foydalanishga topshirilishi natijasida 2700 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Bugungi kunda respublikaning deyarli barcha hududlarida toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishning yangi quvvatlari yaratilmoqda.
Ushbu tashkil etilayotgan korxonalar Mustaqilligimizning 29 yilligi bayrami arafasida ishga tushirilishi yurtdoshlarimiz uchun bayram tuhfalaridan biri boʻldi.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqala tumanida “Buston Optimal tekstil” MCHJ tomonidan ip kalava, boʻyalgan ip kalava va momiq mato ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Ushbu korxona jahondagi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri boʻlgan Belgiya davlatining “Picanol” kompaniyasidan keltirilgan zamonaviy toʻquv dastgohlari hamda Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy dastgohlar bilan jihozlandi hamda 300 dan ortiq yangi ish oʻrinlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, respublikamizning toʻqimachilik sanoati kam rivojlangan tumanlarida bugungi kunda yangi korxonalar tashkil etilib, foydalanishga topshirildi.
Bular, Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumanida “Mustahkam tekstil”, Baliqchi tumanida «Skorton tekstil», Oltinkoʻl tumanida “Yaxshi niyat tekstil”, Navoiy viloyatining Karmana tumanida «Betlis Madaniyat» hamdaXorazm viloyatining Urganch shahridagi «Oq oltin mega tekstil» korxonalaridir.
Xususan, Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanining chekka qishlogʻida joylashgan “Mustahkam tekstil” korxonasi tomonidan tayyor trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik korxona ish boshladi. Loyiha qiymati 3 mln. dollarni tashkil etgan ushbu korxona yiliga 5,2 mln. dona mahsulot ishlab chiqaradi. Korxonada 1000 nafar mahalliy yigit-qizlar ish bilan taʼminlandi.
Ushbu loyihalar avvalo hududlarda yetishtirilayotgan paxta tolasini oʻsha yerning oʻzida toʻliq qayta ishlab, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishni hamda hudud aholisining real daromadlarini hamda eksport salohiyatini oshirilishini nazarda tutadi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



