Har yili 7 oktyabr kunini Xalqaro paxta kuni sifatida keng nishonlash an’anaga aylanib bormoqda. Shu kunda o‘tkaziladigan tadbirlar paxtachilikni, paxtani qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, sohada o‘tkaziladigan tadqiqotlar va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash, sohada xalqaro hamkorlikni takomillashtirish va boshqa amaliy choralarni belgilashga qaratilgan.
2019 yilning 7 oktyabrida Jahon savdo tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) kotibiyatlari bilan hamkorlikda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferentsiyasi (UNCTAD), xalqaro savdo markazi (ITC) va xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi (ICAC) birinchi marta jahon paxta kunini e’lon qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi joriy yilning 7 oktyabr kuni Xalqaro paxta kuniga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazdi. Vazirlik binosi hamda uning atrofida tashkil etilgan yarmarka va ko‘rgazmalarda paxtadan olinadigan mahsulotlar namoyish qilindi, ilmiy-amaliy seminarlarda olimlar va mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar, shuningdek, innovatsion va amaliy loyihalarning taqdimotlari o‘tkazildi.
Tadbirni Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov ochib berdi. «Bir tonna paxta bir yilda o‘rtacha 5 kishini ish o‘rni bilan ta’minlaydi, – dedi A. Nazarov. – Quruq iqlim sharoitlarida ham yetishadigan paxta dunyo ahlini kiyim-kechakka bo‘lgan ehtiyojini 27 foizini qoplaydi. Undan yog‘ olinadi, chigitidan chorvachilik mollarini oziqlantirishdan foydalaniladi. Hozirda esa paxtadan innovatsion mahsulotlar yaratishda keng foydalanilmoqdaki, demak uning istiqboli porloq.»
Darhaqiqat, paxtachilik – O‘zbekiston xalq xo‘jaligining muhim sohasi. Paxta xomashyosi, g‘o‘zaning barglari, poyalari, chanoqlari va chigitidan 100 dan ortiq mahsulotlar tayyorlanadi, ya’ni ushbu ekindan chiqitsiz to‘liq foydalaniladi. Jumladan, paxta insonni kiyintiradi, oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat uchun qimmatli xomashyolar olinadi, chorva ozuqasi tayyorlanadi, aholi ish joylari, valyuta tushumini ta’minlaydi hamda sanoatning boshqa ko‘plab sohalari to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, moy-bo‘yoq, qog‘oz ishlab chiqarish, tibbiyot, qurilish, mebel sanoati va boshqa sohalar rivoji ham paxtachilik bilan bevosita bog‘liqdir. O‘zbekistonda paxtachilik tarixi uzoq o‘tmishga ega bo‘lib, bu hududida istiqomat qilgan xalqlarning qadim zamonlardan beri paxtachilik bilan shug‘ullanganligi tarixiy ma’lumotlarda qayd etilgan.
Uning tarixi eramizdan oldingi IV asrga borib taqaladi. Respublikamiz hududida paxtachilikning keng miqyosda sanoat asosida rivojlanishi XIX asrning 60-70 yillaridan boshlangan. Hozirgi kunda O‘zbekiston g‘o‘za ekin maydoni bo‘yicha (1,0-1,1 mln. gektar) dunyo mamlakatlari orasida oltinchi o‘rinni, paxta tolasini yetishtirish bo‘yicha bo‘yicha (0,8-0,9 mln. tonna) beshinchi-oltinchi o‘rinni egallab kelmoqda.
O‘zbek paxtasining shuhrati jahonda tobora yuksalib borayotgan ekan, buning zamirida mamlakatimizda paxtachilik tarmog‘ini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, olimlar, soha mutasaddilari va fermer dehqonlarimiz mehnatining samaralari mujassamdir.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




