Bugun yangi ochilgan «Tashkent City Mall» savdo majmuasida “O‘zbekistonda xalqaro brendlar uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumani O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining Standartlashtirish va sertifikatlash boshqarmasi rahbari asosiy spikerlar sifatida ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda respublika vazirlik va idoralar hamda OAV vakillari bilan birga xorijiy brendlar vakillari ham qatnashdi.
ISSV vakillari 2024 yil 5 martdagi 112-sonli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori yuzasidan xalqaro brendlar O‘zbekiston bozoriga kirishda yaratilgan qulaylikalar va muhim o‘zgarishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Shuningdek, sertifikat taqdim etilgan 40ta brenddan 20tasi «Tashkent City Mall» va mamlakatning boshqa hududlarida o‘z faoliyatini ishga qo‘yganini ma’lum qildi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” vakili xalqaro brendlarni O‘zbekistonga olib kelishda uyushma tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ular bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari, o‘zbek to‘qimachilik korxonalari qaysi brendlar uchun mahsulot ishlab chiqishi haqida nutqi bilan chiqdi. Jumladan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar 27 tadan ortiq xalqaro brendlarning yetkazib berish zanjiriga qo‘shilganligi, mahsulotlar xalqaro standartlarga to‘la javob berishi aytib o‘tildi. Shu bilan birga, xalqaro brendlarga mahsulot yetkazib berishga mahalliy ishlab chiqaruvchilar tayyorligi ta’kidlandi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




