2024 yil 8-10-sentyabr kunlari Samarqandda ITMF Annual Conference va IAF Fashion Convention 2024 jahon miqyosidagi ikki yirik xalqaro to‘qimachilik federatsiyalarining qo‘shma konferentsiyasi bo‘lib o‘tadi.
Ushbu keng ko‘lamli tadbir jahon to‘qimachilik sanoatining 1000 dan ortiq yirik ishtirokchilarini Uzbekistonda jamlaydi. Yevropa, MDH, Osiyo, Afrika va Amerikaning 500 dan ortiq xalqaro tashkilotlari, to‘qimachilik kompaniyalari, brend va riteylerlar, moliya institutlari rahbarlari jahon to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun ilk marotaba bitta platformada yig‘ilishadi.
2023 yil 6 noyabrda Kechaoda Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilar Federatsiyasining yillik konferentsiyasi va To‘qimachilik haftaligi doirasida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi ITMF Annual Conference & IAF World Fashion Convention tadbirlari O‘zbekistonda o‘tkazilishini e’lon qildi.
Avvalroq, 25 oktyabr kuni AQShning Filadelfiya shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro kiyim-kechak Federatsiyasi – IAF 2023 Moda konventsiyasida navbatdagi IAF konferentsiyasi ham Samarqand shahrida o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi.
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati izchil rivojlanmoqda. Xalqaro hamjamiyat mamlakatdagi ijobiy o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda va O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlarini rivojlantirishda katta yutuqlarni qayd etmoqda. Qisqa vaqt ichida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati raqobatbardosh xalqaro ishlab chiqaruvchiga aylantirildi. Bunday tadbirlar O‘zbekistonning jahon to‘qimachilik sanoatining muhim ishtirokchisi sifatida shakllanishiga xizmat qilishi shubhasiz.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




