O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida farmonida bir qancha vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.
Xususan: iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish.
Shuningdek, Prezidentimizning 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436 son bilan tasdiqlangan 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida ham bir qancha muhim vazifalar belgilab berilgan:
- issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish;
- sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish;
- yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi hajmini, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga 30 foizga kamaytirish;
Mazkur qaror ijrosi yuzasidan «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish orqali “yashil energiya”dan foydalanish bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan; 2023-yil 1-yanvar holatiga:
Uyushma binosida quvvati 20 kVt.soat (umumiy iste’molning 25 foiziga teng);
“Sayyora Favvorasi” MCHJda 200 kVt.soat,
“Samarkand Apparel” MCHJda 100 kVt.soat;
“Zelal Tekstil” MCHJda 100 kVt.soat bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilib ishga tushirildi.
To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoat korxonalari tomonidan 2022-yil yakuniga qadar jami 200 kVt.soat quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish rejasi belgilangan bo‘lib, amalda 420 kVt.soat quvvat o‘rnatildi. Shu bilan birga, “Marjan Investment Group” MCHJ korxonasining maishiy issiq suv ta’minoti tajriba tariqasida quyosh suv isitish kollektorlari orqali yetkazib berish tizimiga o‘tkazildi.2023-2024-yillarda ham ushbu yo‘nalishda ishlarni davom ettirish rejalashtirilgan. Jumladan, 2023-yilda 15 ta to‘qimachilik korxonalarida 800 kVt.soatdan ortiq quvvatga ega umumiy qiymati 8,2 mlrd.so‘mga teng quyosh panellari hamda 4 000 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish, 2024-yilda esa 20 ta to‘qimachilik korxonalarida 1 000 kVt.soatdan ortiq quvvatga ega umumiy qiymati 10,2 mlrd. so‘mga teng quyosh panellari hamda 6 000 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yuqorida keltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi «2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining «yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-436-son qarori ijrosi yuzasidan Uyushma tomonidan to‘qimachilik sanoati korxonalarida energiya sarfi hajmini kamaytirish, atrof-muhitga salbiy ta’sir yetkazilishining oldini olish va kafolatlangan energiya manbalariga ega bo‘lish maqsadida, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish orqali “yashil energiya”dan foydalanish ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha xorijiy hamkorlar (Xitoyning “Universal Energy” va “Bahai Solar Engineering» kompaniyalari) bilan memorandum imzolanib, yangi loyiha ustida ishlar olib borilmoqda.
Bunda, mazkur xorijiy hamkor kompaniyalar hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan yirik to‘qimachilik korxonalari bino-inshootlarining bo‘sh turgan tom yuzalariga quyosh panellarini o‘rnatib berish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida, ushbu korxonalar jami energiya iste’molining 5 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplanishi, yiliga 90 mln.kVt.soatdan ortiq miqdordagi elektr energiyasini tejash va atrof-muhitga 45 ming tonnadan ortiq SO2 (issiqxona gazlari) chiqarilishining oldini olish ko‘zda tutilgan bo‘lib, keyingi bosqichlarda ushbu ko‘rsatkichni 20 foizga yetkazish maqsad qilingan
Ushbu loyiha doirasida, dastlabki bosqichda, “Khantex Group”, “Nil-Granit”, “Skorton Tekstil”, “Jizzah-Toshtepa Textile”, “Osborn Textile”, “Fergana Global Textile, “Real Tex Tashkent”, “Quva Tekstil”, “Vobkent Tola Klaster”, “Buxoro Agroklaster”, “Qorako‘l Kumush Kalava”, “Namangan Toqimachi”, “SAFF Textile” kabi 30 ga yaqin yirik to‘qimachilik korxonalar bino-inshootlarining 1,0 mln.kv.m. tom yuzalariga quvvati 50 MVt ga teng quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda ishlab chiqaruvchi korxonalarni ishlab chiqarish jarayoni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash orqali elektr energiyasini ishlab chiqarishga sarflanadigan gaz,ko‘mir,neft kabi qayta tiklanmaydigan resurslar sarfi kamayadi shuningdek atrof muhitga chiqarilayotgan issiqxona gazlari chiqarilishini oldini olish maqsad qilinganini bilishimiz mumkin
So‘ngi paytlarda yurtimizda ko‘zatilayotgan energiya inqirozi energetika sohasini ham davlat taasarufidan chiqarish lozim. Bozor iqtisodiyoti sharoitida korxonalar tashkilotlar bozor munosabatlarida ish yuritmasa soha rivojlanishi sekinlashi tabiiy holat. Shu nuqtayi nazardan sohaga, investitsiya jalb qilish lozim.. Neft-gaz va Energetika tarmog‘i korxonalariga e’tibor bersak davlat ulushi maksimal darajada ekanligini ko‘ramiz. Shu sababli soha korxonalarini IPOsini o‘tkazish xalqimizni bo‘sh turgan pul mablag‘lari yoki chet el investitsiyasni jalb qilgan holdagina tarmoqni rivojlantirishinmiz mumkin.
Uyushmaning Axborot-tahlil Departamenti bosh mutaxassisi J.Ahrorov va mutaxassis Sh.Sharofiddinov tomonidan “Iqtisodiyot va ta’lim” jurnalining birinchi sonida «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish orqali «yashil energiya”dan foydalanish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar» mavzusida maqola chop etilgan bo‘lib to‘liq matn bilan quyida tanishingiz mumkin.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




