«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi Djumaniyazov Muxammadjon Baxramovich Bangladesh Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, Janobi Oliylari Muhammad Monirul Islom bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston to’qimachilik mahsulotlarini Bangladeshga eksport qilish hajmini oshirish, Chittagong shahridagi ombor infratuzilmasidan foydalanish, gilam ishlab chiqaruvchilar uchun jut xomashyosini markazlashgan tartibda import qilish, O‘zbekistonda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda bangladeshlik malakali mutaxassislarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, 2027-yil yanvar oyida Bangladeshda o‘tkazilishi rejalashtirilgan BATEXPO xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari delegatsiyasining biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur tashrif doirasida B2B uchrashuvlarini tashkil etish, Bangladeshning Sanoat va savdo vazirligi, To‘qimachilik va jut vazirligi, BGMEA va BKMEA tarmoq birlashmalari bilan muzokaralar tashkil etish, shuningdek, yirik to‘qimachilik korxonalari faoliyati bilan tanishish rejalashtirilmoqda.
✅ Uchrashuv yakunlari ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, eksport geografiyasini kengaytirish hamda ishlab chiqarish va investitsiya yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishiga xizmat qiladi.



O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




