O‘zbekiston va Germaniya davlatlari orasidagi ko‘p qirrali hamkorlik rivojlanib borishiga amin bo‘lishimiz mumkin.
Avval xabar qilingandek, O‘zbekistonga tashrif buyurgan Gesamtmasche Germaniya trikotaj ishlab chiqaruvchilar konfederatsiyasi, Sequa GmbH va InfoAid vakillaridan iborat Germaniya delegatsiyasi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi rahbariyati bilan uchrashuv va uyushma xodimlari uchun seminar o‘tkazgandan so‘ng, 14 fevral kuni Farg‘ona viloyatiga jo‘nab ketishdi.
Farg‘ona viloyatida delegatsiya “KOICA” kasbga o‘rgatish markazi va “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishib, Savdo-sanoat palatasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuvlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari va Farg‘ona viloyati paxta sanoatining Germaniya va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, mintaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni jalb etish masalalari muhokama qildi.
Shuningdek, viloyat hokimi bilan to‘qimachilik sohasida faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning malakasini oshirish, ularga zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash borasida ko‘nikmalar berish hamda Farg‘ona paxta-to‘qimachilik sanoati mahsulotlarini Germaniya, shu bilan birga Yevropa bozorlariga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirish hisobiga ikki tomonlama hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, germaniyalik mehmonlar to‘qimachilik sohasida zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan ishchi-mutaxassislarni o‘qitish, qayta tayyorlash bo‘yicha hamkorlikda ishlab chiqilgan loyiha tasdiqlanib ijrosiga kirishilsa, u birinchi bo‘lib Farg‘ona viloyatida hayotga tadbiq etilishini ta’kidladi.
Muloqotda tekstil sohasi rivojiga hissa qo‘shishi kutilayotgan mazkur loyiha O‘zbekiston-Germaniya o‘rtasida yana bir yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirishda g‘oyatda ahamiyatli ekanligi qayd etildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




