2022-yil mart oyida o‘zbek paxtasiga nisbatan “paxta boykoti” bekor qilinganidan so‘ng jahon brendlari va riteylerlarini mamlakatimizga jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlandi. Ko‘plab tashrif va missiyalar davomida ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Shuningdek, 2022 yil oktyabr oyida o‘tkazilgan Toshkent to‘qimachilik haftalligi doirasida Germaniya, Frantsiya, Italiya, Ispaniya va boshqa Yevropa mamlakatlari delegatsiyalari bilan biznes muhokamalar o‘tkazilgan va kelgusida hamkorlikni amalga oshirish haqida kelishuvlarga erishilgan.
Mashaqqatli mehnatning mevasini olish vaqti keldi.
Joriy yil boshida Frantsiyaning TexEurop kompaniyasi va O‘zbekistonning “Navbahor tekstil” kompaniyasi o‘rtasida Frantsiya GMO tarmog‘i uchun tayyor mahsulotlarning birinchi partiyasini yetkazib berish bo‘yicha 300 ming yevrolik shartnoma imzolandi.
1992-yilda Erik Sovaj tomonidan Bulteau Group bilan hamkorlikda tashkil etilgan TexEurop kompaniyasi jahon bozorida 25 yildan buyon faoliyat yuritib, yiliga 25 million donadan ortiq to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishini alohida ta’kidlash lozim.
Frantsiya bilan hamkorlik doirasida mahalliy to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksporti hajmini oshirish va 2025 yilgacha jadal sur’atlarda investitsiyalarni jalb qilish maqsadi qo‘yildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




