Joriy yilning 22 noyabr kuni Toshkent shahrida Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining sobiq maslahatchisi Kari Tapiolaning “Paxta dalalarida ishonchning mustahkamlanishi: Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi faoliyati” nomli monografiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir O‘zbekistonda mehnat munosabatlari tizimida erishilgan natijalar sarhisobida hamda mamlakatda munosib mehnat tamoyillarini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va g‘oyalarni ishlab chiqishda salmoqli o‘rin tutadi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha byurosi direktori Olga Kulayeva, Tashkilot Bosh direktorining sobiq maslahatchisi Kari Tapiola va qator xalqaro tashkilotlardan mutaxassis va ekspertlar, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Jumladan, Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva so‘zga chiqib, quyidagilarni ma’lum qildi. “Bugun keng xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha o‘ziga xos milliy tajribasi ko‘plab davlatlar uchun namuna bo‘lishi kerakligini tasdiqlamoqda. Shu bilan birga, belgilangan maqsadlarga erishish yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Majburiy mehnatning ayrim holatlariga hali ham duch kelyapmiz, ular boshqa sohalarda ham namoyon bo‘lmoqda, bu esa joylardagi ayrim rahbarlar, ish beruvchilar ongida haligacha saqlanib qolgan ma’muriy-buyruqbozlik usullarining qoldiqlari ekanligining dalolati – bular biz ayovsiz kurashayotgan sovet o‘tmishining qoldiqlaridir. Bugungi kunda mamlakatimizda o‘rta va kichik biznes jadal rivojlanmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratish jarayoni to‘xtovsiz davom etmoqda va biz ularni xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini ta’minlashimiz kerak.”
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa qator xalqaro tashkilotlar bilan so‘nggi yillardagi amaliy hamkorligi mehnat munosabatlari tizimi mustahkamlanishi va rivojlanishiga xizmat qildi, xususan, sohada 10 ta yuksak ko‘rsatkichga erishildi. Jumladan, sohada mavjud muammolar belgilab olindi, ular keng jamoatchilikka va xalqaro hamjamiyatiga ochiq e’lon qilindi va tez fursatda ularni yechimi bo‘yicha amaliy ishlar bajarildi, inson huquqlarini ta’minlashning o‘ziga xos mutlaqo yangi tizimi yaratildi hamda mamlakatda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha uch bosqichli tizim (Milliy komissiya – kichik komissiyalar – hududiy komissiyalar) shakllantirildi.
Shuningdek, xalqaro normalar asosida me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirildi, fuqarolik jamiyati vakillari monitoring faoliyatini olib borishda asosiy lokomotiv kuchga aylandi, xalqaro nohumat tashkilotlari vakillari bilan mehnat masalalari bo‘yicha muloqot va xamkorlik kengaytirildi va o‘zaro ishonch mustahkamlandi. Bundan tashqari xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni tizimli qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, qishloq xo‘jaligi tizimi isloh qilindi, klaster tizimi yaratildi, tizimli bolalar va majburiy mehnatga butunlay barham berildi.
Muhimi, o‘zbek paxtasiga boykot bekor qilinib, AQSh Mehnat vazirligi tomonidan mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtani «Bolalar va majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxati» dan chiqarildi.
Tadbirda halqaro ekspertlar tomonidan mehnat munosabatlari sohasida erishilgan natijalar va bugungi kunda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro maydonda yuksak e’tirof etilishi va bu borada O‘zbekistonning milliy tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.
Ushbu masalalar Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining sobiq maslahatchisi K.Tapiola muallifligidagi monografiyada ham o‘z aksini topgan bo‘lib, unda O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashish, mehnat huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish, mehnat sohasiga oid xalqaro standartlarni joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar va natijalar keng yoritilgan.
K.Tapiola erishilgan barcha yutuqlar – bu barchasi mamlakat xizmatlari, O‘zbekistoning keng ko‘lamli ishlari natijasi ekani, XMT esa bunda faqatgina qo‘mak ko‘rsatganini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirda Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha byurosi direktori O.Kulayeva, Tashkilot Bosh direktorining sobiq maslahatchisi K.Tapiola va qator xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari hamda xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari mazkur muhim nashr yuzasidan o‘zlarining xulosa va fikrlarini bayon qilib, mehnat sohasida O‘zbekiston erishgan yuksak natijalarni xalqaro maydonda targ‘ib qilish muhimligini ta’kidladilar.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




