Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global kelishuvi dunyodagi eng yirik korporativ fuqarolik tashabbusidir.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi 2022-yil 7-noyabrda BMTning Global kelishuviga qo‘shildi, bu haqda tashkilot ijrochi direktori Sanda Ojiamboning murojaatida ma’lum qilindi.
Ushbu tashabbus 160 mamlakatdan fuqarolik jamiyati, kasaba uyushmalari va hukumatning minglab biznes va boshqa manfaatdor tomonlarini birlashtiradi. O‘zbekistondan uning ishtirokchilari: “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i, “Artel Electronics” MCHJ (Artel), “Silverleafe” kompaniyasi.
Uning maqsadi biz xohlagan dunyoni yaratish uchun barqaror kompaniyalar va manfaatdor tomonlarning global harakatini birlashtirishdir.
Shu munosabat bilan, BMTning Global kelishuvi kompaniyalarga o‘z strategiyalari va operatsiyalarini inson huquqlari, mehnat, atrof-muhit va korruptsiyaga qarshi kurash kabi o‘nta tamoyilga muvofiqlashtirish orqali biznesni mas’uliyat bilan olib borishga hamda hamkorlik va innovatsiyalarga e’tibor qaratgan holda barqaror rivojlanish sohasidagi BMT Maqsadlari kabi kengroq ijtimoiy maqsadlarga erishish uchun strategik harakatlarni amalga oshirishga yordam beradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lish orqali tashkilot o‘z faoliyatida ushbu asosiy tamoyillarga rioya qilish bo‘yicha ixtiyoriy majburiyatlarni oladi.
O‘z navbatida, ishtirokchilar butun dunyo bo‘ylab yangi ishbilarmonlik aloqalari, rivojlangan bozorlarda raqobatdosh afzalliklari, shuningdek, xalqaro tadbirlarda ishtirok etish va BMTning global loyihalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bundan tashqari, BMT GK ekspertlarining korporativ ijtimoiy mas’uliyat va barqaror rivojlanish sohasidagi maslahatlashuvlari va trening tadbirlari ishtirokchilar uchun ochiq bo‘ladi.
Avvalroq, 20-iyun kuni Uyushma BMT GKga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan bo‘lsa, 19-avgust kuni uning vakili bilan tarmoq korxonalarini tashabbusga jalb qilish va ular uchun o‘quv seminarlari o‘tkazish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




