To‘qimachilik sammitining davomi sifatida tadbir ishtirokchilari bilan bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ana shunday uchrashuvlardan biri «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasida O‘zbekiston-Italiya Savdo-sanoat palatasi – prezidenti Jorjio Veroneze va Cottonella kompaniyasi bosh direktori boshchiligidagi Italiya kompaniyalari delegatsiyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, Palata Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, kooperatsiya aloqalarini yaxshilash ikki davlat o‘rtasidagi savdo, madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashishga katta ahamiyat bermoqda.
Muzokaralar davomida Cottonella kompaniyasi To‘qimachilik sanoatidagi islohotlar va O‘zbekistonning geografik joylashuvi (mahsulotni Yevropa Ittifoqiga yetkazib berish 14-17 kunda amalga oshiriladi), xomashyo, energiya uchun nisbatan raqobatbardosh narxlar, o‘sib borayotgan MDH bozori, kadrlar mavjudligini yuqori baholab Italiya kompaniyasi O‘zbekistonda ish olib borishga qaror qilganligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston investorlar tomonidan bejizga tanlangani yo‘q. Cottonella ma’lumotlariga ko‘ra, brend Italiya bozorining 90% dan ortig‘ini egallaydi va o‘rta segment uchun ishlaydi. Cottonella brendi ostidagi mahsulotlar faqat paxtadan ishlab chiqariladi, bu brend nomining asosidir. O‘zbek paxtasi barcha talablarga javob beradi va ekologik toza. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekistonda italyan brendlari uchun ichki kiyim ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, tomonlar birgalikda Italiyada texnologlar uchun ikki haftalik treninglar va Barqaror moda bo‘yicha Italiyaning yetakchi moda maktablarida dizaynerlar uchun oylik kurslarni tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




