Vaholanki, mamlakatmiz dunyoning eng yirik paxta xom ashyosini yetkazib beruvchi davlatlardan biri bo‘lsada, yillik eksport tushumi ilgari bor yo‘g‘i 1 milliard dollar atrofida edi…
Poytaxtimizdagi 5-xalqaro to‘qimachilik haftaligi doirasida “Jahon to‘qimachilik bozorida yangi muvozanat – yangi ishtirokchilar va tendentsiyalar” mavzusidagi Toshkent to‘qimachilik sammitida to‘qimachilik sohasida amalga oshirilgan islohotlar, natijalar sarhisob qilindi.
Sammitda ishtirok etgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan, yaqin tariximizda O‘zbekiston dunyoning eng yirik paxta xom ashyosini yetkazib beruvchi davlatlardan biri bo‘lsa-da, yillik eksport tushumimiz bor yo‘g‘i 1 milliard dollar atrofida bo‘lganiga e’tibor qaratdi.
Bugungi kunda esa sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekiston jahon bozorining e’tirof etilgan ishtirokchisiga aylanmoqda va 2021 yilda qiymati 3 milliard dollarga teng tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilishga erishdi. Bu iqtisodiyotimizning yanada barqarorligini ta’minlash hamda fuqarolarimizga yangi ish o‘rinlari yaratib berish uchun muhimdir.
Sammit Xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi (ITMF), Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy kengashi (UNECE), International Trade Center, Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi (GIZ) kabi yetakchi xalqaro tashkilotlarning bevosita ishtiroki va ko‘magida o‘tkazildi.
Unda Yevropa Ittifoqi va AQSh, Osiyo va Afrika, shuningdek, MDH davlatlaridan 300 dan ortiq taniqli jahon brendlari va riteylerlari, to‘qimachilik kompaniyalari va uyushmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Nufuzli anjumanda Senat raisi davlatimiz rahbarining kuchli siyosiy irodasi, inson huquqlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish borasidagi keng ko‘lamli ishlar, muammoning oqibatlari bilan emas, balki uni keltirib chiqaruvchi omillar bilan kurashish printsipi asosida ishning tashkil etilganligi bugun o‘z samarasini berayotganini qayd etdi. Buni nafaqat xalqimiz, jamoatchilik, balki xalqaro tashkilotlarning e’tiroflarida ham ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, 2020 yilda AQSh Savdo vakili (USTR) O‘zbekistonning mehnat huquqlarini ta’minlash mezoni bo‘yicha AQShning Preferentsiyalar bosh tizimiga (GSP) muvofiqligini e’lon qilgan. Yevrokomissiya tahlillari asosida O‘zbekiston “GSP+” da qatnashish mezonlariga javob beradi, degan xulosaga kelingan.
AQSh Davlat departamentining 2021 yilda e’lon qilingan dunyoda odam savdosi to‘g‘risidagi yillik hisobotida O‘zbekiston alohida kuzatuv ostidagi davlatlar ro‘yxatidan chiqarildi.
Joriy yilning mart oyida “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi O‘zbekistonga nisbatan qo‘yilgan “paxta boykoti” bekor qilinganini rasman e’lon qildi.
Bir necha kun avval AQSh Mehnat vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari” to‘g‘risidagi yillik hisobotida O‘zbekiston eng yuqori ya’ni “muhim o‘zgarishlarni amalga oshirgan davlatlar” qatoriga kiritildi.
O‘zbekiston 131 davlat ichidan eng yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lgan 9 davlat qatoridan o‘rin olgan. O‘zbekiston juda qisqa vaqt ichida erishgan natijasi va muvaffaqiyati bilan boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, AQSh Mehnat vazirligi o‘zbek paxtasini “Majburiy mehnatni qo‘llab ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxati”dan chiqarilganini e’lon qildi.
– O‘zbekiston mehnat bozorida demografik bosim yuqori bo‘lgan mamlakatdir, – dedi T.Norboyeva. – Har yili 600 mingdan ortiq yoshlar katta hayotga qadam qo‘yadi va mehnat bozoriga kirib keladi. Bu esa, o‘z o‘rnida, iqtisodiyot tarmoqlarini yanada kengaytirish, munosib va yangi ish o‘rinlarini yaratishni talab etadi. Albatta sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi quvonarli, ammo biz bu bilan cheklanib qolmaymiz, aksincha sohani rivojlantirishning yangi o‘sish nuqtalariga e’tibor qaratamiz.
To‘qimachilik sanoati iqtisodiyotimizning muhim o‘sish nuqtasi va drayverlaridan biriga aylanmoqda. Milliy to‘qimachilik mahsulotlarini dunyo bozoriga olib chiqish hamda mamlakat investitsiya va eksport salohiyatini kengaytirish, xorijiy investorlar va savdo kompaniyalari uchun mutlaqo yangi va qulay investitsion muhit yaratish bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi. Bugungi kunda xalqaro hamkorlar bilan birgalikda mehnat munosabatlari sohasidagi “Better Work” va “BCI” xalqaro standartlarini joriy etish bo‘yicha ham faol ish olib borilmoqda.
Bularning barchasi, ayniqsa, xalqaro darajadagi e’tiroflar mamlakatimizda, birinchi navbatda, millionlab yangi munosib ish o‘rinlarini yaratishga, aholining bandlik darajasini oshishiga zamin bo‘ladi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri hisoblangan kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladi. Yangi bozorlarni ochadi, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga imkon yaratadi.
N.Abduraimova,
O‘zA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




