Toshkent to‘qimachilik sammiti – Markaziy Osiyo miqiyosidagi jahon to‘qimachilik biznesi yetakchilari va mutaxassislarini birlashtiruvchi biznes platformadir. Sammit “Jahon to‘qimachilik bozorida yangi muvozanat – yangi ishtirokchilar va tendentsiyalar” mavzusiga bag‘ishlanadi va tadbir qatnashuvchilarining e’tibori resurslar barqarorligi va kuzatilishi, to‘qimachilikda innovatsiyalar va qayta ishlash masalalariga qaratiladi.
Sammit “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida va ITMF Xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi, UNECE va GIZ xalqaro hamkorlar ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Ayni kunlarda uyushma vakillari ITMFning Shveytsariyaning Davos shahrida bo‘lab utgan xalqaro anjumanda ishtirok etishdi. Ushbu Anjumanning davomi sifatida Toshkent to‘qimachilik sammiti ham ishtirokchilarga taqdim etildi.
Shu bilan bir qatorda, ushbu tadbir mahalliy to‘qimachilik korxonalarini xalqaro tashkilotlar yordamida xorijiy brendlariga tanitish, jahon bozorida eksport zanjiriga qo‘shish va to‘qimachilik sanoatida eksport hajmini oshirishga qaratilgan.
Sammit ishtirokchilari qatorida nufuzli tashkilotlar vakillari, jumladan, UNECE, ITMF, IFC, USAID, GIZ, Forum for the Future, Amfori, Gherzi, Grosso Modo, WRAP, Alibaba.com, UIT (Frantsiya tekstil uyushmasi) tashkilotlari vakillari – Mariya Tereza Pisani, Kristian Shindler, Norbert Blank, Reychel Bekket kabi spikerlar o‘z taqdimotlari bilan qatnashadi. Taqdimotlar “Blokcheyn – to‘qimachilik ta’minot zanjirining raqamli inqilobi”, “Fast Fashion tendentsiyalari rivojlanishi”, “Sanoat 4.0 Raqamlashtirish” mavzulari va boshqa shu kabi mavzulara bo‘lib o‘tadi. Ilk bor Sammitga xalqaro nufuzdagi WTIN (Buyuk Britaniyaning xalqaro to‘qimachilik nashri) bosh direktori Mark Yarvis moderatorlik qiladi va Sammit debat va takliflar shaklida o‘tkaziladi.
Sammitda ishtirok etish uchun AQSh, Koreya, Singapur, Xitoy, Hindiston, BAA, Bangladesh, Koreya, Pokiston, Marokash, Misr, Frantsiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, boshqa Yevropa va MDH davlatlarining bir qator milliy uyushmalari, banklar va moliya institutlari, sertifikatlash kompaniyalari, xorijiy brendlar va riteylerlar, xaridorlar va ekspert doira vakillari, mahalliy korxonalar, ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillari mehmon sifatida taklif etilgan.
Tadbirning eng muhim taqdimoti – Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) homiyligida Gherzi xalqaro konsalting tashkiloti tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga oid mustaqil axborot” va BMT YEIK (UNECE) ning “2024 yilgacha O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida barqaror raqamli savdodan foydalanish bo‘yicha korxonalar salohiyatini oshirish” loyihasi taqdimoti mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.
Sammit davomida Germaniya, Italiya, Frantsiya kabi davlatlardan brendlardan iborat delegatsiyalar katnashishi va 1 hafta davomida ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilangan. Delegatsiyalar Fargona vodiysi, Samarqand va Buxoro, Jizzax viloyatlari va Qoraqolpog‘iston Respublikasi to‘qimachilik sanoati potentsiali bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishadi.
Shu bilan birga, Toshkent to‘qimachilik haftaligi tarixida birinchi marta:
FIT (Fashion Incubator Tashkent) ishtirokchilarining ilk moda namoyishi bo‘lib o‘tadi. Unga mahalliy va horijiy dizaynerlar ham jalb qilinmoqda. Bu yilga tadbir o‘zgacha bo‘lishi kutilmoqda. Bunday tadbir mamlakatimiz to‘qimachilik va modasining salohiyatini, kiyim-kechak va to‘qimachilik orqali uning an’analari va o‘ziga xos madaniyatini ochib berish, ishlab chiqarish imkoniyatlarini namoyish etish, keng jamoatchilikni to‘qimachilik sanoati yutuqlari va mamlakatimizda sanoatni qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshirilayotgan dasturlar bilan tanishtirishga xizmat qiladi.
Qayd etish joizki, “Fashion Incubator Tashkent” loyihasi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) yordamida amalga oshirilmoqda va moda sohasida o‘z biznesini boshlayotgan dizaynerlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bu loyihaning 15 nafar ishtirokchilarining ilk namoyishi bo‘lib, unda mahalliy dizaynerlar kollektsiyalari xalqaro miqyosda namoyish etiladi.
Xorijiy va mahalliy dizaynerlar, shuningdek, loyiha bitiruvchilarining yorqin kollektsiyalarini taqdim etuvchi “Ready-to-wear” namoyishi o‘ziga xosligi va yangiligi bilan Toshkent to‘qimachilik haftaligi mehmonlarini o‘ziga jalb etadi.
Shu bilan birgalikda Toshkent to‘qimachilik haftaligida Uztextile Expo 2022 va Yetakchi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarga biznes tashriflar amalga oshirilishi kutilmoqda.
“UzTextile Expo Kuz’22” xalqaro to‘qimachilik va moda sanoati ko‘rgazmasi 10-14 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent to‘qimachilik haftaligining muhim qismidir. Ko‘p yillardan beri u nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar, balki dunyoning boshqa mamlakatlaridagi kompaniya va brendlarni bir tom ostida yig‘adi.
Ko‘rgazma an’anaviy tarzda O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati yutuqlarining eng muhim soha namoyishi bo‘lib, ilg‘or ishlanmalar va texnologiyalar, kiyim-kechak va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishning zamonaviy tendentsiyalarini namoyish etadi. Xalqaro miqyosdagi tadbir Markaziy Osiyo va jahon yetakchilarining to‘qimachilik sanoatidagi yutuqlari va innovatsiyalarini butun texnologik zanjir bo‘ylab – ip-kalavadan tortib, tayyor kiyim va aksessuarlargacha tanishtiradi.
O‘zbek paxtasidan tayyorlangan keng turdagi mahsulotlar: ip-kalava, gazlamalar, trikotaj matolar, to‘qilmagan matolar, erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari, paypoqlar, ichki kiyimlar, trikotaj buyumlar, maishiy to‘qimachilik va boshqa ko‘plab mahsulotlar namoyish etiladi.
Kuz mavsumi ko‘rgazmasida Turkiya va Belarus Respublikasi ishlab chiqaruvchilarining Milliy pavilonlari, shuningdek, Rossiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarning taniqli ishlab chiqarish kompaniyalari ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Hozirgacha 100 dan ortiq kompaniya ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 80 foizdan ortig‘ini O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari tashkil etadi.
“UzTextile Expo” ko‘rgazmasi 2006-yilda “Textile Expo Uzbekistan” brendi ostida tashkil etilganidan buyon ko‘p yillar davomida ko‘plab mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashish va sohaning so‘nggi yangiliklari bilan tanishish uchun asosiy maskan bo‘lib kelmoqda. Tadbir sohaning asosiy ishtirokchisi – “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Ko‘rgazmada professional tashrif buyuruvchilar – mahsulotlarning ulgurji xaridorlari uchun ko‘rgazmada imkon qadar samarali va qulay ishlashlari uchun sharoit yaratish maqsadida “Maxsus Bayer dasturi” ham nazarda tutilgan.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




