O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yil 17-19 iyul kunlari «Pure Origin & Pure London 2022» to‘qimachilik va moda ko‘rgazmasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Ko‘rgazmada 2000 dan ortiq ishtirokchi o‘zlarining eng sifatli kiyim-kechak, poyabzal mahsulotlari va aksessuarlarini namoyish etdi.
Xalqaro festival doirasida O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, «O‘zcharmsanoat» uyushmasi, shuningdek, mamlakatimiz to‘qimachilik, ipak va charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari tomonidan «Made in Uzbekistan» brendi ostidagi O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston delegatsiyasi Buyuk Britaniya va Yevropa biznes vakillari bilan milliy mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qator muzokaralar o‘tkazdi.
Xususan, «Tello socks Ltd», «Splitit», «SIPPO», «Pricoh’s» kabi qator kompaniyalar vakillari bilan kechgan uchrashuvlarda charm, ipak va to‘qimachilik mahsulotlarini Buyuk Britaniya va Yevropa bozorlariga eksport qilish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
«Dunyo» AA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




