Germaniya ODDO BHF banking O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarini moliyalashtirishni kengaytirish bo‘yicha rejalari katta.
O‘zbekiston-Germaniya ishbilarmonlari kengashining Toshkent shahrida joriy yil 5-6 iyul kunlari o‘tkazilayotgan navbatdagi yig‘ilishi doirasida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, Germaniyaning ODDO BHF banki va to‘qimachilik korxonalari ishtirokida joriy yil 6 iyul kuni uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda ODDO BHF bankining Xalqaro bank sotuvlari rahbari Zuzana Franz, uyushma raisi o‘rinbosari B.Muxammadsaidov hamda yirik to‘qimachilik korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va Germaniyaning ODDO BHF banki o‘rtasidagi to‘qimachilik yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish, mahalliy to‘qimachilik korxonalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish imkoniyatlari, bank tomonidan mablag‘lar ajratish tartibi va talablari muhokama qilindi.
B.Muxammadsidov uchrashuv ishtirokchilarini mamlakat to‘qimachilik sanoatida oxirgi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlar erishilgan natijalar, rivojlanish istiqbollari va bu borada amalga oshirilayotgan loyihalar, hozirda mavjud moliyalashtirish manbalari va mexanizmlari, korxonalarning moliyalashtirishga ehtiyojlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tdi.
Shundan so‘ng Zuzana Franz ODDO BHF banki tarixi, faoliyati bilan to‘g‘risida gapirib, bankni uzoq muddatli moliyalashtirish mexanizmlari, akkreditivlar asosida import-eksport operatsiyalarini moliyalashtirish xizmatlari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy resurslarni jalb qilish imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Xalqaro moliyaviy tashkilotlar, jumladan ODDO BHF banki bilan hamkorlik doirasida ma’lumotlar olish bo‘yicha «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi Moliyaviy-iqtisodiy tahlil boshqarmasiga 71/2022244 (ichki 112,113,114,191) raqamlar orqali murojaat qilish mumkin.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




