O‘zbekistonga Yevropa ittifoqining preferentsiyalar bosh tizimi (GSP+) bo‘yicha benefitsiar davlat maqomining berilgani uning mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati va ushbu tizim doirasidagi imtiyozlarni respublikada samarali qo‘llash yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirishni taqozo etdi.
Shunga muvofiq ayni paytda tizim doirasidagi imtiyozlar Surxondaryo viloyatidagi tadbirkorlarga yetkazilmoqda. Xo‘sh, GSP+ o‘zi qanday tizim? Bu maqom rivojlanayotgan mamlakatga qanday tartib va talab asosida beriladi?
Aytish kerakki, bu – preferentsiyalarning bosh tizimi bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlardan rivojlangan mamlakatlar bozorlariga eksport qilinadigan tovarlarga bojxona tariflaridan imtiyozlar berishni nazarda tutadi. Barcha turdagi sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qamrab oladi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo mamlakatlar, xususan, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Kanada, Avstraliya, Shveytsariya kabi davlatlar tomonidan taqdim etiladi.
Xorijiy mamlakatlarga GSP+ doirasidagi imtiyozlarni taqdim etish jarayoni Yevropa parlamenti va Yevropa Ittifoqi Kengashining maxsus reglamenti talablariga asosan tartibga solinadi. Mazkur reglament talablariga ko‘ra, GSP+ doirasidagi imtiyozlarni qo‘lga kiritish qator shartlar bilan amalga oshirilib, ulardan biri bu mamlakat 27 ta jumladan, 7 ta inson huquqlari, 8 ta mehnat standartlari, 8 ta atrof-muhitni muhofaza qilish, 4 ta samarali davlat boshqaruvi sohasida xalqaro konventsiyalarni ratifikatsiya qilib, majburiyatlarini samarali bajarish lozim bo‘ladi.
GSP reglamenti GSP+ oluvchilarining majburiyatlarini doimiy kuzatib boradi. Yevropa Ittifoqi o‘rnatgan tartibga ko‘ra, mamlakat mazkur tizim doirasidagi imtiyozlarni olish bo‘yicha rasmiy arizani yuqorida keltirilgan xalqaro konventsiyalar to‘laqonli ratifikatsiya qilingach, taqdim etadi. Mamlakatimiz ariza berguncha bo‘lgan vaqtda Yevropa Komissiyasining respublikadagi milliy qonunchilik normalari xalqaro konventsiyalar talablariga muvofiqligi yuzasidan rasmiy savolnomasiga tegishli vazirlik va idoralarning batafsil javobi berilgan. Yevropa Komissiyasi bu savolnomani ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha ijobiy xulosa bergach, O‘zbekistonning GSP+ tizimida benefitsiar mamlakat maqomini olishi yuzasidan rasmiy arizasi va 27 xalqaro konventsiya ratifikatsiya qilingani to‘g‘risidagi hujjatlar to‘plami Yevropa tomoniga yuborilgan.
Yevropa Ittifoqining reglamentiga asosan rasmiy ariza qabul qilingan kundan boshlab, Yevropa Komissiyasi tomonidan BMT va XMT idoralari va qo‘mitalarining tegishli hisobotlari tahlili asosida 6 oy davomida ko‘rib chiqiladi. Yevropa komissiyasi O‘zbekistonga preferentsiyalar bosh tizimi – GSP+ bo‘yicha benefitsiar mamlakat maqomini berish yuzasidan ijobiy xulosa qabul qilib, ushbu maqomni berdi. Bu normativ hujjat Yevropa Ittifoqi Komissiyasi va parlamenti tomonidan respublikaning rasmiy arizasi va mamlakatda olib borilayotgan davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati kuchli institutlariga ega demokratik davlatni shakllantirishga qaratilgan islohotlar to‘g‘risidagi ma’lumotini ko‘rib chiqish natijalari asosida qabul qilindi.
Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus preferentsiyalar tizimi GSP+ kuchga kirdi. Ayni paytgacha Armaniston‚ Boliviya‚ Kabo-Verde‚ Mo‘g‘uliston‚ Qirg‘iziston, Pokiston‚ Filippin va Shri-Lanka mamlakatlari mazkur imtiyozlardan foydalanib kelayotgan edi. O‘zbekiston bu tizimdagi 9-mamlakat bo‘ldi. Yangilanayotgan O‘zbekistonga bu maqomning berilishi ham Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganining amaldagi namunasidir.
Ikkinchidan, bu jarayon Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston munosabatlarida muhim bosqich bo‘lib, tomonlar o‘rtasidagi muloqot hamda savdo almashinuvini yanada chuqurlashtirishga imkon beradi. Bu dastur mamlakatimizga Yevropa Ittifoqiga ko‘plab mahsulotlarni imtiyozli shartlarda yetkazib berish imkoniyatini yaratgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Chunki, GSP+ dasturi YEI bozorlariga rivojlanayotgan mamlakatlardan kelayotgan qishloq xo‘jaligi va boshqa ayrim turdagi mahsulotlar eksportiga berilgan imtiyoz sanaladi. Unga a’zo bo‘lgan davlat YEI bozorlariga 3 mingga yaqin mahsulotni bojxona to‘lovlarisiz, 3 ming 200 turdagi mahsulotini esa pasaytirilgan stavkalar bo‘yicha eksport qilishi mumkin.
Joriy yilning 13 iyun kuni Prezident huzurida standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda davlatimiz rahbari Taraqqiyot strategiyamizda eksport hajmini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marrani belgilab olganimizni alohida ta’kidlab, GSP+ tizimi doirasida Yevropaga mahsulot eksport qilish sur’atlari va to‘sqinlik qilayotgan omillarga e’tiborni qaratdi. Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi GSP+ tizimi doirasida mahalliy mahsulotlarning Yevropa bozorlariga eksportini kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ni ishlab chiqdi.
Surxondaryo viloyati hokimligi va Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vohada 84 ta korxonaga xalqaro standartlar hamda sifat tizimlarini joriy etish tarmoq jadvalini shakllantirdi. “Yo‘l xaritasi” va tarmoq jadvali asosida Texnik jihatdan tartibga solish agentligining Davlat nazorat departamenti Surxondaryo bo‘limi, “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” DM Surxondaryo filiali, “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” DM Surxondaryo filiali viloyatda mahsulotlarni xalqaro standartlar talablari asosida ishlab chiqarish, xalqaro standartlarni joriy etish va sertifikatlashtirish, sifat tizimlarini joriy qilish, xodimlar malakasini oshirish, xalqaro talablar asosida sinov laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va modernizatsiya qilish choralarini ko‘rmoqda. Bu jarayonda viloyatdagi ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi 84 ta korxonaga yaqindan yordam berilib, shu kungacha 22 ta yirik eksportyor korxonaning Yevropa Ittifoqi bozorlariga eksport qilishni kengaytirishi uchun YEIning talablari, GSP+ tizimida belgilangan imtiyozlardan samarali foydalanish bo‘yicha tegishli qo‘llanma va ma’lumotlar bilan ta’minladi.
Keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib borildi. Mahsulotlarni xalqaro standartlar talablari asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun korxonalarning me’yoriy hujjatlari o‘rganib chiqilib, ularda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha Standartlar instituti bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatildi. Oltita yirik eksportyor korxona hujjatlari OEKO-TEX, GLOBAL GAP, ISO 9001, ISO 22000 xalqaro standartlarini joriy etish va sertifikatlashtirish uchun Eksportni rag‘batlantirish agentligiga taqdim etildi. Yil yakunigacha standartlashtirish sohasida 84 korxonada xizmat qilayotgan 243 nafar xodim va mutaxassisning malakasini oshirish rejalashtirib olindi. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar mahsulotlarni Yevropa talablari asosida ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish samaradorligini oshirib, janubdagi vohaning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Husniddin Eshqarayev,
O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligining texnik jihatdan
tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va
metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti Surxondaryo bo‘limi bosh mutaxassisi.
O‘zA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




