O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQSh moda industriyasi uyushmasi (USFIA) prezidenti Juliya Xyuz bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida “Cotton Campaign” koalitsiyasi tomonidan “paxta boykoti” bekor qilinishi munosabati bilan Amerika brendlari bilan biznes hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama etildi.
USFIA vakili O‘zbekiston hukumatining paxta xomashyosini yetkazib berishdan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilishga o‘tishga qaratilgan siyosatini olqishladi. Juliya Xyuz so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda an’anaviy bozorlardan yetkazib berish zanjirlari o‘zgargan, bunday sharoitda O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib beruvchi o‘ziga jalb etuvchan mamlakatga aylanish salohiyatiga ega. Amerikalik riteylerlar va to‘qimachilik brendlari yetkazib berish manbalarini o‘rganishda mehnat normalari va boshqa ijtimoiy standartlarga rioya etilishi nuqtai nazaridan butun ishlab chiqarish zanjirini kuzatish imkoniyatlariga alohida e’tibor beradi.
Shu ma’noda Amerika tomoni to‘qimachilik klasterlari tizimida paxta va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy barqaror usullarini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlarni joriy etish borasidagi O‘zbekiston sa’y-harakatlarini olqishladi.
Uchrashuv yakunida Amerika brendlari va mahalliy to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muvofiqlashtirishni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




