O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQShga tashrifning ilk kunida AQSh rasmiylari, jamoatchilik va ishbilarmon doiralari vakillari bilan bir qator uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazdi.
Xususan, AQSh Davlat kotibining Fuqarolar xavfsizligi, demokratiya va inson huquqlari masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Uzra Zeya bilan uchrashuv chog‘ida tomonlar mamlakatda majburiy mehnatga barham berish, odam savdosining oldini olish va unga chek qo‘yish, qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish, bu borada xalqaro tuzilmalar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan huquqiy hamda institutsional chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Davlat kotibi o‘rinbosari mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish borasidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholadi, O‘zbekiston nisbatan qisqa vaqt ichida aql bovar qilmas yutuqlarga erishganini, Qo‘shma Shtatlar mamlakatimizdagi o‘zgarishlarning ijobiy dinamikasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.
Uning fikricha, erishilgan yutuqlar to‘qimachilik sohasida jahon bozorida O‘zbekistonning raqobatbardoshligini mustahkamlaydi.
U.Zeya Davlat departamentining odam savdosi to‘g‘risidagi ma’ruzasida O‘zbekistonning o‘rni “nazorat ostidagi ro‘yxat”dan ikkinchi darajaga (Tier-2) ko‘tarilganini qutlar ekan, ushbu sa’y-harakatlar davom ettirilishiga umid bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini yanada yaxshilash uchun yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




