2022-yil 9-iyun kuni Xilton Toshkent mehmonxonasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati – GIZ tomonidan O‘zbekiston Respublikasining manfaatdor vazirlik va idoralari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarni sarhisob qilish maqsadida Davra suhbati tashkil etildi.
2019-yildan buyon amalga oshirilayotgan va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot Federal vazirligi (BMZ, Germaniya) tomonidan moliyalashtirilayotgan eng yirik loyiha – qishloq xo‘jaligi, paxta va to‘qimachilik sanoatini, shuningdek, atrof-muhit va iqlimni muhofaza qilish, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish sohalarini qamrab olgan “O‘zbekistonda paxtachilik sanoatini barqaror rivojlantirish va qo‘shilgan qiymatni oshirish” global loyihasidir.
Mazkur loyiha 34,19 ming gektar maydonni barqarorlik standartlari asosida qayta ishlash, 1000 dan ortiq kishini standartlashtirishning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish, eng muhimi, paxtachilikda tizimli majburiy va bolalar mehnatiga barham berishga ko‘maklashish kabi salmoqli natijalarga erishdi.
Shu bilan bir qatorda, loyiha o‘z ichiga olgan tarmoqlarda barqarorlikni rivojlantirishga qaratilgan yana bir qancha loyihalar amalga oshirilmoqda. Loyiha menejeri Jina Burgardning so‘zlariga ko‘ra, – Barqarorlik har bir loyihaning yuragida.
O‘zbek tomondan Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi vakillari ishtirok etib, GIZ bilan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z qarashlari va natijalarini taqdim etdilar.
Xususan, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi GIZ bilan hamkorlikda Toshkent shahrini moda industriyasining mintaqaviy poytaxtiga aylantirish bo‘yicha “Eksportni rag‘batlantirish va Fashion Incubator (FIT) yaratish” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha O‘zbekistonda moda startaplarini ilgari surish va o‘zbek brendlarning xalqaro bozorda tanilishini oshirishga qaratilgan.
Davra suhbati yakunida loyihalarning ishchi guruhlari va taklif etilgan mehmonlar loyihalar bo‘yicha mavjud vaziyatni taqdim etish va amalga oshirishdan keyingi bosqichlarni muhokama qilish maqsadida, alohida vorkshoplar o‘tkazdilar.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




