Ma’lumki, o‘tgan yillar davomida davlatimiz rahbari tomonidan tashkil etilgan yig‘ilishlarda mamlakatimizning ayrim hududlarida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining eksportni ko‘paytirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Joriy yil aprel oyida “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasi va undan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qo‘yilgan boykot bekor qilindi. Bu tarixiy voqea xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholandi va majburiy mehnatning har qanday omillariga O‘zbekistonda barham berilganligi tan olindi. Bu esa o‘zbek to‘qimachilik korxonalari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Masalan, boykotga qo‘shilgan 331 brend bilan aloqalarni tiklash va ularga mahalliy mahsulotlarni yetkazib berish, Yevropa davlatlariga GSP+ preferentsiyalari tizimi, Buyuk Britaniyaga mahsulot eksportida GSP EF tizimidan foydalanishga turtki bo‘ldi. Bundan tashqari, Afrika, Amerika va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan ishlash imkoniyatlari paydo bo‘ldi.
Xo‘sh, bugun sohada qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda «O‘zto‘qimachiliksanoati» uyushmasi axborot xizmati rahbari Shahzoda Qo‘chqorova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida blockchain va barqarorlik xaritasi joriy etiladi.
Qayd etilishicha, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan Birlashgan millatlar tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiya UNECE, xalqaro savdo markazi ko‘magida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uchun “Call To Action” dasturi boshlandi. Bu dasturni amalga oshirish uchun 5 million dollar grant ajratilgan bo‘lib, ular quyidagi ishlarga yunaltiriladi. O‘zbekiston To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qiymat zanjirlarida barqaror va raqamli savdoni joriy qilishga qaratilgan mazkur dastur 60 oy davomida joriy qilinadi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, endilikda milliy strategiya va institutsional rivojlanish, davlat xizmatchilari va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilarni tayyorlash, barqarorlik va sifat standartlari (VSS) bo‘yicha ixtiyoriy ekspertlar tayyorlash, xaridorlarni tanlash va yetkazib beruvchilarning kuzatuv-monitoringini oshirish hamda blokcheyn pilot loyihalarini kengaytirish kabi tadbirlarni amalga oshirish ham rejalashtirilgan.
Dastur UNECE, ICT, O‘zbekiston Strategik rivojlanish agentligi, O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan birgalikda olib boriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




