Bugungi kunda, mahsulot bo‘yash-pardozlash faoliyatiga ixtisoslashgan to‘qimachilik korxonalarining ishlab chiqarish jarayonida ekologiya va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarni bartaraf etish hamda ularning oldini olish bo‘yicha tizimli ravishda ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, soha korxonalarida zamonaviy oqava suv tozalash inshootlarini barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Misol uchun: Toshkent shahrida joylashgan “Real Teks” MCHJ, Toshkent viloyatida “MS-Barer Tekstil” MCHJ, “Uzteks Grupp” MCHJ, “Orzu Teks” MCHJ, Andijon viloyatida “Nil Granit” MCHJ, “Asakatekstil” MCHJ va bu kabi boshqa ko‘plab korxonalar shular jumlasidandir.
Mazkur korxonalarda o‘rnatilgan tozalash inshootlari zamonaviy va eng so‘nggi texnologiyalar asosida barpo etilgan bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan oqava suvlarni to‘liq tozalash va undan qayta foydalanish imkonini beradi.
Shuningdek, Hukumat tomonidan tasdiqlangan dasturga asosan, 2023 yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha jami 40 ga yaqin yirik to‘qimachilik korxonalari tomonidan kunlik umumiy quvvati 45,0 ming m3 dan ortiq oqava suvni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish va zamonaviylarini qurish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, buning natijasida, soha korxonalari tomonidan atrof-muhitga yillik qariyb 15,0 mln.m3 hajmdagi ifloslangan oqava suvlarni chiqarib tashlashning oldi olinadi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




