Davlatimiz rahbari har gal Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan zarur topshiriqlar beradi. O‘tgan bir yilga yaqin vaqt mobaynida viloyatda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirishni ko‘zda tutuvchi ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirildi.
Jumladan, boshqa sohalar qatori paxta-to‘qimachilik korxonalarini ko‘paytirish, yetishtirilayotgan paxta xomashyosini shu yerning o‘zida to‘liq qayta ishlash orqali eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, bu orqali aholini ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakat rahbarining ushbu yo‘nalishda bergan topshiriqlari asosida birgina o‘tgan yilning o‘zida investitsiya dasturlari doirasida viloyatda umumiy qiymati 3 trillion 900 milliard so‘mlik 853 ta hududiy hamda 157 million 200 ming AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar hisobiga 6 ta yirik loyiha ishga tushirildi. Natijada 7 ming 540 ta yangi ish o‘rni tashkil etilib, 75 milliard so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratildi.
Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda viloyatda yetishtirilgan paxtani hududning o‘zida qayta ishlab, tayyor mahsulot holatiga keltirish, bu jarayonni qamrab oluvchi tekstil korxonalarini tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan yilning o‘zida Qarshi tumanida yana bir paxta-to‘qimachilik korxonasi “Qarshi Agro klaster” MCHJga qarashli “Iyman tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham ish boshladi. Qarshi tumani paxta xomashyosini yetishtirish salohiyati bo‘yicha viloyatda eng yetakchi tumanlardan biri sanaladi. Tumanda yiliga 49,9 ming tonna paxta yetishtirilib, viloyat bo‘yicha yig‘ib olinadigan paxta xomashyosining 11,5 foizi tashkil etadi. Ushbu tikuvchilik fabrikasi qurilishiga tadbirkor tomonidan 12,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Yiliga 3 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega majmuada tumanning 360 nafardan ziyod xotin-qizlari doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi va ularning aksariyatini “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar tashkil etadi.
– Loyihamiz 4 bosqichli bo‘lib, dastlab tikuvchilik tsexini ishga tushirdik. 2023 yigacha ip yigiruv, to‘quv va yog‘ ishlab chiqarish tsexlari ham tashkil etiladi, – deydi korxona rahbari Sanjar Karolov. – To‘liq amalga oshirilgach 2 mingtadan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Ushbu tikuvchilik tseximizda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Kelgusida o‘zimizda yetishtirilgan paxta xomashyosini to‘liq qayta ishlashni rejalashtirganmiz. Maqsad ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni to‘liq eksportga yo‘naltirish.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda “Qarshi Agro klaster” MCHJ klaster korxonasiga Qarshi tumanidan 7 ming gektar yer biriktirilgan va mana shu yerlarda ishlayotgan fermer xo‘jaliklari bilan paxta yetishtirish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Bundan tashqari, tumanda faoliyat yuritayotgan 3 ta paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari tomonidan joriy yil yakuniga qadar qiymati 839,3 milliard so‘mlik 9 ta yengil sanoat yo‘nalishidagi yirik loyihalar amaliyotga tatbiq etilib, yuzlab yangi ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda
Tahlillarga ko‘ra, viloyatda yetishtiriladigan 400 ming tonna paxta xomashyosidan 136 ming tonna tola ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. O‘tgan yillarda viloyatda yetishtirilgan paxta xomashyosining 53 foizi yoki 72,6 ming tonnasi qayta ishlangan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich 2022 yil yakuni bilan 100 foizga yetkaziladi. Shu bois mamlakat rahbari tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar natijasida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 2021-2022 yillarda qiymati 5,2 trillion so‘m bo‘lgan 72 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mana shunday muhim loyihalardan biri Koson tumanidagi “Koson Baxt Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurib bitkazilgan va foydalanishga topshirilgan tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasidir.
– Loyiha qiymati jami 35 milliard so‘m bo‘lib, yiliga 3 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Yiliga 7,5 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan, – deydi korxona rahbari Shavkat Sharipov. – Ishlab chiqarilgan mahsulotlar asosan Rossiya, Ukraina, Chexiya va Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilinadi. Fabrikamizga 338 dona Yaponiyaning “Juki” kompaniyasi tikuv mashinalari va boshqa asbob-uskunalar keltirilib o‘rnatilgan. Mazkur loyihani amal oshirish orqali hududdagi 500 nafarga yaqin ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlandi.
Shu o‘rinda aytish joizki, Qarshi shahridagi “Sulton Tex Group” MCHJ ham paxta-to‘qimachilik yo‘nalishida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Jumladan yaqindagina korxona vakillari aralash ip-kalava ishlab chiqarish loyihasining ikkinchi bosqichini ishga tushirdi. Ma’lumki, 2017 yil dekabr oyida 17 million dollar investitsiya mablag‘larini o‘zlashtirish hisobiga yiliga 7 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish loyihasining dastlabki birinchi bosqichi ish boshlagan edi. Ikkinchi bosqichda Qarshi shahrining “G‘afur G‘ulom” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilish va montaj ishlari olib borildi. Ushbu bosqichda korxonada qiymati 19 million dollar bo‘lgan investitsiya mablag‘lari o‘zlashtiriladi. Qo‘shimcha 8,7 ming tonna aralash ip-kalava ishlab chiqarish imkoni yaratilib, korxonaning ip-kalava quvvati 15,7 ming tonnaga yetkaziladi. Qo‘shimcha 350 ta yangi ish o‘rni yaratilib, korxonada doimiy ish bilan ta’minlanganlarning soni 600 nafarga yetadi.
Korxona rahbari Nurbek Ergashevning ta’kidlashicha, qo‘shimcha quvvatning ishga tushishi bilan korxonaning eksport salohiyati ham sezilarli darajada oshadi. Yilida o‘rtacha 20 million dollarlik mahsulot xorijlik hamkorlarga yetkaziladi. Ayni kunda dunyoning rivojlangan mamlakatlari Turkiya, Rossiya, Xitoy, Misr davlatlari bilan shartnomalar tuzilgan.
Ma’lumot o‘rnida “Sulton Tex Group” MCHJ 2011 yildan buyon faoliyat yuritmoqda. Korxona ko‘p tarmoqli faoliyat bilan shug‘ullanib, dastlab savdo-sotiq, mebel ishlab chiqarish va boshqa faoliyatlar bilan tadbirkorlik qilgan bo‘lsa, 2017 yildan bo‘yon paxta-to‘qimachilik klasteri sifatida samarali ishlamoqda.
Bularning barchasi Prezidentimiz tomonidan aholi farovonligini yaxshilash, mamlakat iqtisodiyoti rivoji va barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaldagi samaralaridir.
Davlatimiz rahbarining 21-22 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrif davomida ham hududda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, sanoat korxonalari va ijtimoiy soha ob’yektlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish, viloyatni rivojlantirish va aholi turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha yangi vazifalarni belgilash rejalashtirilgan.
O‘lmas Barotov,
O‘zA. Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




