Joriy yilning 31 mart kuni “O‘zbekistonda munosib mehnatni ilgari surish: insonga yo‘naltirilgan yondashuv” mavzusida xalqaro konferentsiya bo‘lib o‘tdi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida bu kabi xalqaro tadbirlarning o‘tkazilishi an’anaga aylanib bormoqda.
Tadbir mehnat munosabatlarini, birinchi navbatda, munosib mehnat tamoyillarini takomillashtirish jarayonlarida xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishda yangi taklif va g‘oyalarni ishlab chiqishda salmoqli hissa qo‘shdi.
Yuqori darajada o‘tkazilgan ushbu xalqaro tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori G.Rayder, uning o‘rinbosari X.Koller, BMT, YETTB, Yevropa ittifoqi va qator xalqaro tashkilotlardan 100 ga yaqin mutaxassislar va ekspertlar, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek Oliy Majlis palatalari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan dolzarb masalalar, ya’ni aholi bandligini ta’minlash, munosib ishga ega bo‘lish va mehnat sharoitlarini yaratish hamda bu sohada mamlakatning salohiyatini mustahkamlash, inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash masalalari xalqaro konferentsiyaning muhimligidan dalolat berib turibdi.
Toshkent forumi, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan taklif va tashabbuslarining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Xususan, Davlatimiz Rahbari BMTning yuksak minbaridan turib, 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilishini ta’kidlagan edi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva so‘zga chiqib, mamlakatimizda so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar singari, mehnat munosabatlari tizimida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘lgani, sohaga institutsional, tashkiliy-huquqiy, qonunchilik, norma ijodkorligi hamda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli tizimli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Ta’kidlanganidek, tadbirning dolzarbliligi so‘nggi yillarda mamlakatimizda mehnat munosabatlari tizimida amalga oshirilgan va erishilgan natijalar bilan ham bog‘liq. Jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar, sohaga bozor tamoyillarining keng tatbiq etilishi, mehnat qonunchiligi ustidan samarali nazorat va mustaqil monitoringning amalga oshirilishi paxtachilik sohasida tizimli majburiy mehnat holatlarining to‘liq bartaraf etishga xizmat qildi.
Bunday natijaga erishishda O‘zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev boshchiligida majburiy mehnatga barham berish va paxtachilik tarmog‘ini isloh qilish borasida amalga oshirilgan islohotlar asosiy omil bo‘lganligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, mamlakatimizda munosib mehnat tamoyillarining amaliyotga tatbiq etilishida 2019 yilda tashkil etilgan va bugungi kunda samarali faoliyat yuritayotgan Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy va hududiy komissiyalari a’zolari ham munosib hissa qo‘shib kelayotganligi qayd etildi.
Mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Jahon Banki, AQSh Davlat departamenti va Mehnat vazirligi, “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi kabi tashkilotlar tomonidan bildirilgan takliflarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va ijrosi ta’minlandi.
Ushbu masalalar bo‘yicha Milliy ma’ruzachi institutining ta’sis etilganligi sohada amalga oshirilayotgan ishlarni, mavjud muammolarni chuqur tahlil qilish va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qator takliflarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.
O‘zbekistonda munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlik o‘rnatilganligi, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasida majburiy mehnatga qarshi kurashish, mehnat huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish, mehnat sohasiga oid xalqaro standartlarni joriy etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.
O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan 2014-2016 yillarga mo‘ljallangan va keyinchalik 2020 yilga qadar uzaytirilgan O‘zbekistonda munosib mehnat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarning to‘liq ijrosi ta’minlanganligi, ushbu hamkorlikni izchil davom ettirish maqsadida 2021 yilning sentyabr oyida O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan yangi Mamlakat dasturi qabul qilinganligi tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.
Mazkur dasturda asosiy e’tibor munosib mehnat sharoitlarini yaratish, norasmiy bandlikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish kabi masalalarga qaratilganligi alohida e’tirof etildi.
O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan yangi Mamlakat dasturi BMTning O‘zbekiston uchun barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida hamkorlik dasturiga to‘liq mos keladi va O‘zbekiston dunyodagi bunday dasturni qabul qilgan birinchi mamlakat hisoblanadi, – dedi Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori G.Rayder.
Yangi Mamlakat dasturining qabul qilinishi o‘zaro manfaatli munosabatlarimizning natijasi bo‘lib, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi, – deb ta’kidladi Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori X.Koller.
Shu bilan birga, munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro ishtirokchilar tomonidan keyingi yillarda O‘zbekiston erishgan yutuqlar, ayniqsa, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak baholandi hamda mehnat munosabatlari tizimi jahon andozasi darajasida ekanligi e’tirof etildi.
Tadbirda ijtimoiy himoya, bandlik sohasida samarali davlat boshqaruvi, mehnat sohasidagi ijtimoiy muloqot mavzulariga bag‘ishlangan sessiya yig‘ilishlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Ish beruvchilar Konfederatsiyasi, Moliya vazirligi hamda qator xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillarining fikrlari eshitildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonda munosib mehnat tamoyillarini yanada rivojlantirish yuzasidan yangi loyihalar ishlab chiqishga kelishib olindi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




