BCI – xalqaro notijorat tashkilot bo‘lib, paxta yetishtirish amaliyotini takomillashtirish, jumladan, paxta yetishtirishning atrof muhitga va insonlarga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan. H&M, Leviʼs, Adidas, Nike va boshqa shu kabi ko‘plab taniqli kiyim brendlari trikotaj va boshqa mahsulotlarida BCI dasturi bo‘yicha yetishtirilgan paxta xomashyosidan keng foydalanishadi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda BCI ning yangi tayinlangan startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturi menejeri Rechl Bekket va O‘zbekiston uchun mutaxassisi Mahmud Qodirjonovlar bilan aynan paxtani BCI standartlari bo‘yicha sertifikatlashni keng yo‘lga qo‘yish va BCI ni O‘zbekistonga rasmiy kirishi masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumki Cotton Campaign tomonidan o‘zbek paxtasiga nisbatan boykot bekor qilingandan buyon xalqaro tashkilotlar va shu jumladan, kiyim brendlarining O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqishi ortishi tabiiy. Dunyo to‘qimachilik bozorida aynan ekologik toza mahsulotga bo‘lgan talab oshib borayotganini hisobga olinsa BCI standartlari yetishtirilgan paxta va undan ishlab chiqarilgan trikotaj mahsulotlarni eksportini oshirish muhimdir.
BCI menejerining so‘zlariga ko‘ra – O‘zbekistonning yutuqlaridan biri aynan paxta resursi davlat ichida mavjudligi va tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barcha jarayonni qamrab olishidadir. Chunki BCI standartlariga ko‘ra paxta dalasidan to marketinggacha bo‘lgan jarayonni monitoring qilish o‘zbek to‘qimachilik korxonalarida oson kechadi.
Ayni damda 6 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari GIZ ning «Barqaror paxta» global dasturiga kiritilgan va ular BCI standartlariga ko‘ra paxta yetishtirish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Jumladan, 2021 yil davomida Uyushma bilan hamkorlikda GIZ va BCI tomonidan fermerlar va korxona menejerlariga treninglar o‘tkazildi. Natijada esa 2022 yilda 3 ta klasterga BCI standarti asosida paxta ishlab chiqaruvchisi rasmiy maqomi berilishi mumkin.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yanada jadallashtirish va ushbu jarayonga barcha paxta-to‘qimachilik klasterlarini jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilishiga kelishib olishdi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




