Farg‘ona viloyati delegatsiyasi joriy yilning fevral oyi oxirida Turkiyada bo‘lib, bir qator kelishuvlarga erishdi. Bugungi kunda amaliy ishlar bosqichiga o‘tilmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov turkiyalik investorlar guruhini qabul qildi. “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududida qiymati 20 million dollardan ziyod tikuv-trikotaj majmuasi barpo etish loyihasiga kirishgan Jem Isheri bilan birga tekstil bo‘yoqlari kimyoviy komponentlari ishlab chiqaruvchi Doğankent kompaniyasi rahbari Ahmet Chetinkaya hamda investor Mexmet Zerey bilan muloqotda Farg‘ona viloyatida tekstil bo‘yog‘i kimyoviy komponentlari ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi.
Muloqot davomida turkiyalik ishbilarmonlar tomonidan O‘zbekistonning, xususan, Farg‘ona viloyatining Turkiyada o‘sib borayotgan investitsion jozibadorligi hamda viloyatning tekstil sohasidagi mavjud katta salohiyati alohida qayd etildi.
Turkiyalik investorlar loyiha qiymati birinchi bosqichda 5 million dollarni, to‘la amalga oshirilganda 20 million dollarni tashkil etadigan ushbu ishlab chiqarish korxonasini “Qo‘qon” EIZ hududida barpo etishni rejalashtirishgan. Ahmet Chetinkaya viloyat rahbariga bu korxona uchun uskunalar Turkiyada tayyor ekanini, korxona qurib bitkazish bir yilga yaqin vaqt olishini, bu davrga qadar viloyatda bo‘sh turgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan bino-inshootlardan tasdiqlangan ijara stavkasi asosida belgilangan tartibda joy ajratib berilsa, bir oy ichida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Tashkil etiladigan korxonaning chiqindisiz ishlab chiqarish texnologiyalari bilan to‘la ta’minlanishi bildirildi.
Korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun viloyat hududida davlat mulki bo‘lgan bo‘sh turgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan binolardan ishlab chiqarish uchun yetarli maydonga ega bo‘lgan variantlar turkiyalik investorlarga taqdim etildi. Ularning tanlovi asosida keyingi bosqichda ijara shartnomasi asosida joy ajratib berilishiga kelishildi.
Manba: M. Sulaymonov, O‘zA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




