Rossiyaga va Ukraina bilan bog‘liq vaziyat va uning oqibatlari «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi diqqati markazida bo‘lib, doimiy ravishda kuzatib borilmoqda va tahlil etilmoqda.
🔹 Bu borada korxonalar bilan doimiy aloqa o‘rnatilib, ularning eksport shartnomalari bo‘yicha to‘lovlar, Rossiya rubli bilan bog‘liq hisob-kitoblar, rubl kursining o‘zgaruvchanligi, logistika qiyinchiliklar, kredit to‘lovlari, bozorni saqlab qolish bilan bog‘liq muammolari o‘rganib chiqilyapti va takliflar yig‘ilib, o‘rganib chiqilyapti.
🔹 Korxonalar murojaatlari va takliflari asosida uyushma tomonidan eksport shartnomalari bo‘yicha to‘lov muddatlarini uzaytirish, muddati o‘tgan debitorlik qarzdorliklari bo‘yicha jarimalar qo‘llamaslik, kredit to‘lovlari muddatlarini uzaytirish, QQS qaytarilishini tezlashtirish, eksport shartnomalarini rublga va boshqa muqobil valyutalarga o‘tkazishni tashkillashtirish, rubl kursi o‘zgaruvchanligi tufayli korxonalarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan zarar ko‘rish xavfini kamaytirish, valyuta tushumi muddatiga bog‘liq ravishda soliq to‘lashni kechiktirish, logistika xarajatlarni qoplash, valyuta tushumlari, yuk yetib borishi, kurs o‘zgarishini sug‘urtalash va sug‘urta xarajatlarini qoplash yo‘nalishlarida Rossiya bozorida korxonalarimizni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, tegishli vazirlik idoralarga kiritildi.
🔹 Shuningdek, Rossiya va Ukraina bozorida hajmlar pasayishini o‘rnini bosish maqsadida, muqobil bozorlar sifatida Yevropa, janubiy-Sharqiy Osiyo, Shimoliy Afrikaga eksportni rag‘batlantirish maqsadida mazkur hududlarda to‘qimachilik xablarini davlat-sherikchilik asosida tashkil etish, muqobil logistika yo‘nalishlarini ishlab chiqish va ushbu yo‘nalishlarda transport xarajatlarini qoplash, marketing o‘rganishlar olib borish, eksporterlarni qo‘shimcha aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun resurslar ajratish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
❗️ O‘zbekiston paxtasiga boykotni bekor qilinishi esa ayni muddao bo‘ldi va korxonalarni brendlarni jalb qilishga, yangi eksport bozorlarni ochishga rag‘batlantiradi.
Holatdan kelib chiqib, barcha takliflarni o‘rgangan holda Davlatimiz rahbari, hukumatimiz tomonidan barcha zaruriy choralar operativ ravishda ko‘rib chiqiladi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




