Unda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlar, jumladan, gazlamalar, milliy liboslar, milliy taqinchoqlar hamda zamonaviy matolar va zamonaviy liboslar taqdim etildi.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Pokiston Islom Respublikasi tashrifi arafasida Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Pokistonga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etildi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat», «Hunarmand», “O‘zbekipaksanoat» uyushmalari tomonidan tashkillashtirilgan ushbu ko‘rgazmadan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosini ommalashtirish, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, YUNESKO tomonidan «Insoniyat nomoddiy madaniy merosi» deb tan olingan o‘zbek atlas va adras matolari hamda o‘zbek xalqining qadimdan hozirgi kungacha bo‘lgan davrga oid milliy liboslari, zamonaviy liboslari hamda butun dunyo moda industriyasida o‘z mavqeyiga ega bo‘lgan yetakchi o‘zbek brendlarining liboslari va to‘qimachilik mahsulotlarini namoyish qilish.
Ko‘rgazma Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi va Pokiston axborot va aloqalar vazirligi ko‘magida tashkil etildi.
Bugungi kunda o‘zbek milliy matolari xalqaro hamjamiyat va jahon moda uylarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. O‘zbek dizaynerlari esa, o‘z navbatida, milliy an’analarni saqlab qolgan holda zamonaviy modaga yangi elementlarni jalb qilishga harakat qilishmoqda.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi va Pokiston Islom Respublikasi Hukumati, diplomatik korpus vakillari ishtirokida ko‘rgazmaning tantanali ochilishi va lentani kesish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmani O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va Pokiston Islom Respublikasi Axborot va radioeshittirish federal vaziri Favad Ahmad Chaudri ochib berdi.
Ko‘rgazma ko‘plab tadbirlar va kollektsiyalar namoyishiga boy bo‘ldi. Ko‘rgazma bir-birini uyg‘un ravishda to‘ldiradigan 3 ta komponentdan iborat edi:
- Madaniy merosni namoyish etish – adras va atlasdan mato va kiyim-kechaklarning eng yaxshi namunalari, amaliy san’at mahsulotlari va modalar namoyishi;
- Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan turistik joziba va zamonaviy to‘qimachilik sanoati taqdimoti;
- Biznes-forumning davomi (ertalab Islomobodda boshlandi).
Ko‘rgazmasining ochilishida vazir janob Choudri barcha yo‘nalishlarda hamkorlikning jadal sur’atlarda o‘sishida ikki mamlakat rahbarlarining rolini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, milliy matolarning yorqin ranglari, liboslar kollektsiyalari namoyishi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Eng qiziqarli jihati, ko‘rgazmada vazir Chaudri rafiqasi bilan ishtirok etdi. Moda va dizayn sohasiga qiziqishi katta bo‘lgan vazir rafiqasi ushbu ko‘rgazmadan juda ham ta’sirlanganini ma’lum qildi.
Ishtirokchilarning so‘zlariga ko‘ra, hech bir tadbir Pokiston ommaviy axborot vositalarida bunday yoritilmagan. Pokiston ishbilarmon doiralari ishtirokchilari to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining keng assortimentini, O‘zbekistonning turli viloyatlari hunarmandlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar (atlas, adras, so‘zana, turli materiallardan aksessuarlar)ni yuksak baholadi.
To‘qimachilik sanoati taqdimotida alohida e’tibor O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati yangi istiqboli, paxta ishlab chiqaruvchisidan tortib, mintaqaviy moda markazigacha qanday namoyon bo‘lishiga qaratildi.
Pokiston kompaniyalari O‘zbekistonning to‘qimachilik sanoati bo‘yicha mintaqada yetakchi bo‘lishga intilayotganini yuqori baholab, Germaniyada «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining vakolatxonasi va dunyoning turli shaharlarida savdo uylarining ochilishini olqishladi.
Birinchi va bu yo‘nalishdagi bunday noyob ko‘rgazma mazkur oy oxirigacha davom davom etadi va ko‘plab pokistonliklarga O‘zbekistonning to‘qimachilik salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




