Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida istiqbolli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Tizimda olib borilayotgan bu kabi sa’y-harakatlar bozor munosabatlarini joriy qilish, ayniqsa, paxta xomashyosini qayta ishlash hamda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish tarmoqlarining integratsiyalashuvini kengaytirish, shuningdek, paxta-to‘qimachilik va klasterlar faoliyatini yanada yaxshilashda muhim qadam bo‘ldi.

Klaster bu – urug‘ni yerga qadashdan boshlab, undan yuqori va qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarish, tayyor mahsulotlarni ichki bozorga va eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan ishlarni birlashtiruvchi tizimdir.

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida 2019 yilda faoliyat boshlagan “Poly tex Sirdaryo” paxta to‘qimachilik klasteri o‘tgan qisqa vaqt ichida 500 milliard so‘m investitsiya kiritishga erishdi. Natijada 2 ming nafardan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Bugungi kunda klaster tizimida Germaniya, Rossiya va Xitoy davlatlari bilan hamkorlikda eng zamonaviy logistika markazi, yog‘-moy ishlab chiqarish korxonasi, fermer xo‘jaliklariga xizmat qiluvchi yoqilg‘i va mineral o‘g‘itlar bazasi, mashina traktor parklari ishlab kelmoqda.

Klaster 2022-2024 yillarda o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan. Ushbu davr mobaynida tumanda yana 9 ta yirik loyihani hayotga tatbiq etish ko‘zlangan.
Ana shunday loyihalardan biri klaster qoshida Germaniyaning eng ilg‘or “TRUETZSCHLER” kompaniyasi bilan hamkorlikda ip-kalava mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi quvvat o‘z faoliyatini boshladi.

Korxonaning ochilish marosimida Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev ishtirok etib, mazkur korxonaning ishga tushirilishi nafaqat Sayxunobod tumani, balki viloyatning iqtisodiy jihatdan yanada rivojlanishida katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
– Sanoat ishlab chiqarish korxonalari, fabrikalar aholini muqim ish joy bilan ta’minlash va moddiy manfaatdorligini oshirishda juda muhimdir, – dedi viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev. – Ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikka amaliy ish bilan javob berayotgan jur’atli, shijoatli tadbirkorlarning faoliyati tahsinga loyiq. Endi “Baxmalsoy” mahallasida bunyod etilgan ip-kalava ishlab chiqaruvchi korxona el-yurt farovonligi uchun xizmat qiladi.

Klaster usuli qishloq xo‘jaligida ish yuritishda tobora ommalashmoqda. Bu mexanizmdan har qanday sharoitda foydalansa bo‘ladi. Klaster usuli to‘qimachilik sanoati rivojida muhim ahamiyatga ega va bu usulni hayotga tatbiq etish uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar yetarli.
Umumiy maydoni 12,4 gektar bo‘lgan mazkur fabrikaning loyiha qiymati 30 million AQSh dollariga teng. Yillik ishlab chiqarish quvvati 7 ming 500 tonna. 500 nafar aholi doimiy ish bilan band fabrikada ishlab chiqarilgan mahsulotning 99 foizi eksportga yo‘naltiriladi.

Klaster rahbarining qayd etishicha, galdagi vazifa ham tuman aholisiga qulay shart-sharoit yaratishga qaratiladi. Mazkur hududda ishchi-xodimlarni uy-joy bilan taminlash maqsadida 40 ta oilaga mo‘ljallangan 9 qavatli yangi turar joy majmuasi barpo etiladi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun klaster tomonidan 15 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuningdek, ushbu hududda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda 400 o‘rinli innovatsion maktab va sport majmuasi qad rostlaydi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




