Har yili jahon savdo maydonida organik paxtadan tayyorlangan tayyor to‘qimachilik mahsulotlariga talab ortib bormoqda. O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda organik paxta yetishtirishni rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratildi.
Organik to‘qimachilik global sertifikatining (GOTS) mavjudligi O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uchun xalqaro bozorlarda keng imkoniyatlar ochib, tolani 50 foizgacha qimmatroq sotish va kimyoviy moddalarga ketadigan xarajatlardan katta mablag‘ni tejash imkonini beradi, shuningdek Sustainable Cotton Challenge dasturi ishtirokchilari bo‘lmish jahonning eng yirik brendlari (Adidas, H&M, Nike va boshqalar) 2025 yilgacha to‘liq ekologik toza jumladan organik paxtadan mahsulot ishlab chiqarishni yulga qo‘yishlari munosabati bois ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yulga quyishga keng imkoniyat yaratiladi.
Shunday qilib, taniqli jahon to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilarining organik paxta mahsulotlariga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini hisobga olsak, xalqaro GOTS standarti va uning mintaqaviy integratsiyada qo‘llanilishi juda muhimdir.
Textile Exchange Organic Cotton Report ning 2019/2020 yildagi hisobotiga ko‘ra 2019/2020 yilda organik paxta yetishtirish maydoni 193 ga ni tashkil etgan (dunyo bo‘yicha paxta ishlab chiqarishning 0,1%).
GOTS sertifikatini joriy qilish paxta ekilgan kundan boshlab 1 yil davom etadi. «Control Union Certifications» (Niderlandiya korxonasi) bilan birgalikda:
- «Textile Technologies Group» ning Toshkent viloyati Chinoz tumanida 194ga
- «Art Soft Holding» ning Namangan viloyati Mingbuloq tumanida 18 ga
- «Bukhara Cotton Textile» Buxoro viloyati Romiton tumanida 105 ga ekin maydonlarida GOTS sertifikatini joriy qilish bo‘yicha ishlar olib borildi.
Shuninggdek 2021 yilgi hosil natijalariga ko‘ra «Parvoz Xumo Ravnaq Trans» korxonasining Buxoro viloyati Olot tumanidagi mazkur sertifikatga ega 500 ga ekin maydoni 930 ga o‘sishi ta’minlandi.
Shu tariqa, «Parvoz Xumo Ravnaq Trans» O‘zbekistonda organik paxta yetishtirish bo‘yicha keng maydonga ega xalqaro miqyosda tan olingan korxonalardan biriga aylandi.
Bundan tashqari, 2022 yilning 17-22 yanvar kunlari «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi «Control Union» bilan birgalikda Izmir shahrida (Turkiya) to‘qimachilik korxonalari va klasterlari mutaxassislari uchun organik paxta yetishtirish va xalqaro GOTS standarti bo‘yicha malaka oshirishni tashkil etadi.
Bunday trening turkiyalik mutaxassislar bilan barqaror rivojlanish, ta’minot zanjirlarining shaffofligi va kuzatilishi, aylanma iqtisodiyot, korporativ va ijtimoiy mas’uliyat kabi mavzularda foydali tajriba almashish imkonini beradi. Shuningdek tadbir doirasida sertifikatlangan ishlab chiqarish ob’yektlariga tashrif buyurish va xaridorlar bilan uchrashuvlarlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




