O‘zbekiston prezidenti imzolagan qarorga muvofiq 2022 yilgi hosildan boshlab paxta xomashyosini yetishtirish va paxtani terib olish Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibi joriy etilmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari va moliya vaziri qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan bog‘liq tadbirlarni uzluksiz moliyalashtirish uchun 2022 yilda Jamg‘armaga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 5 trillion so‘m beg‘araz moliyaviy yordam hamda Jamg‘armaning asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra 7,5 trillion so‘mgacha byudjet ssudasi ajratilishini ta’minlashi lozim.
Yangi tartibga ko‘ra:
a) paxta xomashyosini yetishtirish va paxta yig‘im-terimini imtiyozli moliyalashtirish paxta-to‘qimachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari orqali amalga oshiriladi;
b) tijorat banklari tomonidan Jamg‘arma resurslari hisobidan quyidagilar uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi:
– paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxta yetishtirish uchun – paxta xomashyosi qiymatining 60 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz (shundan, 2 foizi bank marjasi) stavkada 24 oyga, shu jumladan, 18 oylik imtiyozli davr va 19-oydan boshlab so‘nggi 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan;
– Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklariga paxta xomashyosi yetishtirish uchun – paxta xomashyosi qiymatining 60 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz (shundan, 2 foizi bank marjasi) stavkada 14 oyga;
– paxta-to‘qimachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklariga paxta yig‘im-terimini moliyalashtirish uchun – paxta xomashyosi qiymatining 20 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz (shundan, 2 foizi bank marjasi) stavkada 12 oyga, shu jumladan, 3 oylik imtiyozli davr bilan.
Paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxta xomashyosi xaridi bo‘yicha yakuniy hisob-kitob uchun 12 oygacha muddatga milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Jamg‘arma hisobidan kompensatsiya to‘lanadigan tartib o‘rnatilmoqda. Bunda, yakuniy hisob-kitob uchun ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha kompensatsiya xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan moliyalashtiriladi.
Jamg‘arma tomonidan ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanilishi va klasterlarning moliyaviy holati ustidan doimiy monitoringni tashkil etish maqsadida Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalaridagi mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga Jamg‘arma tarkibida 5 shtat birligidan iborat bo‘lim tashkil etiladi. Jamg‘armaga o‘zi tomonidan ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanilishini audit va biznes konsalting tashkilotlarini shartnoma asosida jalb qilgan holda auditdan o‘tkazish huquqi beriladi.
Paxta tolasini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasterlariga 2021 yil hosili uchun paxta xomashyosini yetishtirishga ajratilgan imtiyozli kreditlar 2022 yil sentyabr oyidan boshlab 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarilishi belgilab qo‘yildi. Bunda, Jamg‘arma hisobidan ushbu maqsadlar uchun tijorat banklariga ajratilgan resurslarni qaytarish imtiyozli kreditlarni qaytarish muddatiga mutanosib ravishda uzaytiriladi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




