Joriy yilning 26 oktyabr sanasida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi binosida uyushma raisining birinchi o‘rinbosarining «ODDO BHF» mustaqil Frantsiya-Germaniya moliyaviy xizmatlar guruhi vakillari bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: ODDO BHF – birja brokerlarining besh avlodi va nemis banki tomonidan yaratilgan frantsuz oilaviy biznesi alyansida tashkil etilgan mustaqil Frantsiya-Germaniya moliyaviy xizmatlar guruhidir. Bankda 2300 nafar xodim va 100 milliard yevrodan ortiq aktivlar mavjud. ODDO BHF bozor tajribasiga katta sarmoya kiritishga asoslangan uchta asosiy biznes yo‘nalishida ishlaydi: xususiy bank, aktivlarni boshqarish hamda korporativ va investitsiya banki.
Uchrashuvda Xorij tomoniga respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, respublika to‘qimachilik sanoatining yutuq va salohiyati haqida ma’lumot berildi. Mahalliy to‘qimachilik korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini yanada oshirish uchun tashkilotning moliyaviy vositalarini jalb etish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, kompaniya vakillari O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati korxonalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini ma’lum qilishdi. Guruh O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida yangi investitsiya loyihalarini, shuningdek, mahalliy mahsulotlarni sotish bo‘yicha eksport shartnomalarini moliyalashtirishda ishtirok etishi mumkinligi ta’kidlandi.
Xorijiy tomon ma’lumotlariga ko‘ra, loyihalarni moliyalashtirish respublika banklari kafil sifatida ham, bevosita korxonalar manzili bo‘yicha ham amalga oshirilishi mumkin. Bugungi kunga qadar ODDO BHF Ukraina, Turkiya va boshqa mamlakatlarda energetika, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi loyihalarni bevosita moliyalashtirgan.
Shu bilan birga, loyihani O‘zbekiston banklari ishtirokisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirishni amalga oshirish bo‘yicha tashkilotning asosiy talabi to‘qimachilik korxonalarining moliyaviy va buxgalteriya hisobotlarining muvofiqligi ekanligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda «ODDO BHF» moliyaviy vositalarini jalb qilgan holda ilk loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar tartibini kelishib oldilar.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining joriy yil noyabr oyida Germaniyaga tashrifi chog‘ida ham ushbu yo‘nalishdagi muzokaralarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




