Innovatsiya tizimi natijadorligini ta’minlash, uni ilm-fan va ishlab chiqarish bilan bog‘lash maqsadida joriy yilning 22 sentyabr kuni O‘zbekiston o‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparkida «O‘zto‘qimachiliksanoat uyushmasi» Rais o‘rinbosari B.Muxammadsaidov boshchiligida to‘qimachilik va tikuv trikotaj sanoati bo‘yicha tavsiya va xulosalar beruvchi ekspertlar hamda O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy tadqiqot instituti olimlari o‘rtasida Ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan «Innovatsion loyihalar» muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, mazkur loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 fevraldagi 93-sonli «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorida ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarga moliyaviy mablag‘lar ajratish ko‘zda tutilgan.
Taqdimot doirasida Institut olimlari tomonidan taklif etilgan «To‘qimachilik sanoati korxonalarining holatini tavsiflovchi baholash mezonlarini ishlab chiqish» loyihasi mahalliy to‘qimachilik va tikuv trikotaj korxonalarini xalqaro bozorlardagi nufuzini oshirishi, hamda «Mahalliy dag‘al va rangli jun tolasidan ip kalava olish va uning asosida tayyor mahsulot ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish» loyihalari sanoatning innovatsion faoliyatida ijobiy burilishlar yasashi mumkinligi ta’kidlandi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi ilmiy tashkilot olimlari bilan hamkorlikda innovatsion loyihalarni tarmoq korxonalarining ishlab chiqarish faoliyatiga tatbiq qilishni asosiy vazifalaridan biri etib belgilab olindi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




