O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Narbayeva Tanzila Kamolovna, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ma’rufova Gulnora Maxmudovna, viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jumayeva Sayyora Arziyevnalardan iborat ishchi guruhi Ishtixon tumaniga tashrif buyurdi.
Ushbu tashrifdan maqsad, tumanda aholi va xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlarning darajasi, ularning huquqlarining himoya etilishi va jamiyatdagi o‘rni, bandlik darajasi kabi masalalarni o‘rganishdan iborat.


Dastlab ishchi guruhi, tumandagi “Maroqand Sifat Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi. Korxonada mehmonlarni tuman hokimi Shuhrat Negmatov hamda korxona direktori Husanov Sherali Yorovichlar boshchiligida kutib olindi.
T.Narboyeva, korxona faoliyati bilan tanishar ekan, bundan bor yo‘g‘i bir necha yil oldin Ishtixon tumaniga tashrif buyurganida hech qanday ishlab chiqarish yoki shunga o‘xshash biror bir korxona mavjud bo‘lmaganini, hududdagi xotin-qizlarning bandligini ta’minlash borasidagi muammolar talay bo‘lganini va o‘sha vaqtdagi o‘rganishlari faqatgina aholi tomorqalari bilan cheklanganini yodga oldi.

Shundan so‘ng, suhbatga korxonada texnolog vazifasida ishlab kelayotgan Manzura Umirova taklif etildi: kasbim bilan faxrlanaman, yaqinda tekstil institutini tugatdim. Oylik maoshim 4 million so‘m, bu yomon emas menimcha, undan tashqari korxonamiz tomonidan mukofot puli, tushlik tashkil etilgan.
Ishchi xodimlarni uyidan olib kelish va eltib qo‘yish uchun avtobuslar yo‘lga qo‘yilgan, qulay tarafi buning uchun haq olinmaydi.


Shundan so‘ng, ishchi guruhi keyingi manzil sari Xalqobod MFY binosida tashkil etilgan “Xalqobod tikuvchi qizlari” ishlab chiqarish kooperativiga kelishdi. Mehmonlarni u yerda tumanimizda turli sohalarda muvaqqiyatga erishayotgan qizlar jamoasidan iborat, tumanda eksperiment tarzida tashkil etilgan “Ishtixonlik lider qizlar” jamoasi kutib olishdi.
Qizlar jamoasi mehmonlar bilan ishtixonlik qizlarning so‘nggi yillarda erishgan va erishayotgan muvaffaqiyatlari haqida suhbatlashishdi.
So‘ngra, T.Narbayeva tikuvchilik kooperativida mehnat qilayotgan xotin-qizlarni suhbatga tortdi.


Mehmonlarga kooperativning faoliyati haqida tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi N.Yavqocheva tanishtirar ekan shunday deydi: ushbu kooperativda 20 nafardan iborat xotin-qizlar tajribalarini oshirmoqda.
Bugungi kunda ushbu xotin-qizlar “Ayollar daftari”da mavjud. Ularga hozirgi kunda Temirova Go‘zal boshchiligida tikuvchilikning sir-asrorlari o‘rgatilmoqda. Xotin-qizlarimiz uch oy mobaynida o‘z malakalarini oshirgach, har biriga, daftar hisobidan bir donadan bepul yangi tikuv mashinasi ajratiladi, keyinchalik o‘zlari mustaqil shug‘ullanishda davom etadi. Bu yerga esa keyingi, ushbu kasbga qiziquvchilar taklif etiladi.


Hozirda, mijozlari anchagina, asosan fabrika, bazmgohlarning stol-stullari hamda aholi talablariga ko‘ra turli mahsulotlarni tikib berishmoqda.
Tashrif so‘ngida, T.Narbayeva tomonidan xotin-qizlarga tikish mashinalar hamda pechlar sovg‘a qilindi. Ishchi guruhi Ishtixon haqiqatda imkoniyatlar maskaniga aylanganini, imkoniyat va yaratilgan sharoitlar oldingi yillarga nisbatan ancha kengayganini aytdi.

Ilhomjon Boboyev
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




