Bugungi kunda Respublikada keng turdagi sifatli to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarilishini tashkil etish, uning ishlab chiqarilishini mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish uchun zarur huquqiy baza va qulay sharoitlar shakllantirildi, sohada islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator Prezident va Hukumat qarorlari qabul qilindi.
So‘ngi 5 yillik davrga nazar tashlar ekanmiz to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida muayyan o‘zgarishlar amalga oshirilganligini guvohi bo‘lamiz.
Xo‘sh, o‘tgan davr mobaynida to‘qimachilik sanoati rivojlanish nuqtasi nimadan iborat bo‘ldi? Qanday omillar sanoatni rivojlanishiga ta’sir qildi va nega aynan to‘qimachilik tarmog‘i drayver soha sifatida belgilandi. To‘qimachilik sanoatida paxta-to‘qimachilik klasteri tizimini joriy qilinishi qanday o‘zgarishlarga olib keldi? Klasterlar qishloq xo‘jaligi va yondosh tarmoqlar rivojlanishiga qanday ta’sir qildi? Paxtadan to tayyor mahsulotgacha bo‘lgan ishlab chiqarish zanjirini tashkil etishda nimalarga e’tibor berildi. Hududlarni rivojlantirish va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirishda to‘qimachilik sanoati korxonalari roli nimada? Yangi brendlar yaratilishi va mahsulot geografiyasi kengayishi, tashqi bozordagi raqobatni yengishda nimalarga ahamiyat berildi.
12 avgust kuni «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Vaxabov ishtirokida bo‘lib o‘tgan Matbuot anjumanida to‘qimachilik sanoatida so‘ngi yillarda amalga oshirilgan islohotlar va ularning mamlakat rivojiga hissasi tahlil etildi.
Xususan, D.Vaxabov o‘z so‘zida so‘ngi 5 yillikning asosiy inqilobiy burilishi sifatida to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan paxta-to‘qimachilik klasterlarini yaratilishi, Davlat tomonidan paxta yetishtirishda «goszakaz»dan voz kechilishi va uni yetishtirishda fermerlar bilan shartnoma asosida ish tashkil etishi, va buning natijasida qishloq xo‘jaligida tubdan o‘zgarishlar bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etilishi va qishloq xo‘jaligi va chorvachilik rivojiga ijobiy ta’siri
Mamlakatimizda uzoq yillar davomida agrar sohaga shu jumladan paxtachilik sohasiga yetarlicha e’tibor berilmadi. Na bozor iqtisodiyoti, na yerga munosabat, na manfaatdorlik bor edi. Mablag‘, ilmiy innovatsiyalar jalb etilmadi. Oqibatda yerlar «charchab», unumdorlik pasayib ketdi. Mahsulotni qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat olish bo‘yicha tizim yaratilmagan, soha islohotlarga muhtoj ayanchli ahvolga kelib qolgan edi.
Sohaga yangi texnologiya va innovatsiyalarni joriy qilish maqsadida mamlakatimizda ilk paxta to‘qimachilik klasteri 2017 yil martdagi Hukumatning tarixiy 158 qaroriga muvofiq Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida eksperiment shaklda joriy etildi.
Bosib o‘tilgan vaqtni tahlil qiladigan bo‘lsak 2017 yilda tashkil etilgan «Baxt tekstil» MCHJ paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkiloti respublikamizda yetishtiriladigan umumiy paxta xom ashyosi bor yo‘g‘i 0,9 foizini tashil etgan bo‘lsa, 2018 yilda tashil etilga 15 ta paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish va klasterlarining yetishtirgan paxta xom ashyosi ulushi 15,1 foizni, 2019 yilga kelib klaster tashabbuskorlarining soni 74 taga yetdi va ularning ulushi 68 foizni tashkil etdi, 2020 yilda tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasterlar soni 95 tani tashkil etib ularing Respublikada yetishtiriladigan paxtada ulushi 91 foizni va nihoyat 2021 yildan boshlab barcha paxta ekiladigan paxta maydonlari 100 foiz to‘liq paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klaster tashkilotlari tomonidan yetishtirilishga erishildi.
Bugungi kunda umumiy paxta yetishtiriladigan 1033 ming gektar maydonlarida 122 ta paxta to‘qimachilik klasterlari 877 ming gektar maydonda 28206 ta fermer xo‘jaliklari bilan o‘zaro kooperatsiya asosida faoliyat ko‘rsatib kelmoqlar va 161 ming gektar paxta maydonlarida klasterlar o‘zlari tomonidan xom-ashyo yetishtirishni yo‘lga qo‘yildi.
Qishloq xo‘jaligida yangi agrotexnologiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirishda samaradorlikni oshirish maqsadida klasterlar tomonida
14 mingdan ziyod qiymati 3,6 trln.so‘m bo‘lgan yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikalari shu jumladan 660 ta qiymati 1,2 trln.so‘mli paxta terish mashinalari sotib olindi.
Shuningdek, barcha paxta-to‘qimachilik klasterlarining yerlarida tomchilab sug‘orish texnologiyasini 160 ming gektarda joriy etish ishlari olib borilmoqda ushbu loyihalarning umumiy qiymati o‘rtacha 320 mln.dollarni tashkil etadi
Natura qiymati hisobidan 80500 bosh chorvachilik komplekslarini tashkil etish bo‘yicha paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonida 40 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, qiymati 1,4 trln.so‘mni tashkil etadi
Majburiy mehnatga barham berilishi – Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasi mahalliy to‘qimachilik korxonalarimizda to‘liq qayta ishlanishiga erishildi, paxta tolasiga narxlar erkin belgilanmoqda, paxta tolasini chiqish foizlari va yuqori sifatli tola ishlab chiqarishga erishilmoqda, korxonalarning eksport salohiyati keskin oshdi, majburiy mehnatga to‘liq barham berildi.
Sertifikatsiya tizimini joriy etilishi va mahsulot sifatini oshishi
Korxonalarimizda xalqaro standartlarni joriy etish maxsus sertifikatlarni qo‘l kiritish maqsadida O‘zto‘qimachiliksanoat uyushmasining bevosita ko‘magi asosida Germaniyaning “Hohenstin”, Niderlandiyaning “Control union”, Belgiyaning “Amfori”, Germaniyaning “GIZ” yuqori nufuzga ega bo‘lgan tashkilotlar bilan yaqindan aloqani o‘rnatgan.
Aholi bandligiga va ish o‘rinlarini yaratish
So‘ngi 5 yil ichida sohada muntazam ish bilan ta’minlanganlar soni
1,9 barobarga oshdi. 2016 yilda 183 ming ish o‘rinlar bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 357 ming dan oshdi. 2021 yil yakuniga qadar 401 mingtaga yetkaziladi yoki
2,2 barobarga oshirish kutilmoqda.
Hududlarning iqtisodiy rivojlanishga ta’siri
2016-2020 yillarda hududlarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida umumiy qiymati 2263,1 mln.dollar bo‘lgan 288 ta loyihalar amalga oshirildi va 53 977 yangi ish o‘rinlari hamda 993,7 mln.dollar eksport salohiyati yaratildi.
O‘tgan davrda erishilgan yutuqlarni sanoat sohasida tahlil qilinadigan bo‘lsak avvalo:
Buguni kunda sohada 7 mingdan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, tarmoq korxonalarining 2016 yildagi ishlab chiqarish hajmi 12,6 trln.so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilning yakuni bilan ishlab chiqarish hajmi 3,4 barobariga o‘sib 44 trln.so‘mni tashkil etdi.
Mahsulot turlari bo‘yicha tahlil etiladigan bo‘lsak,
– ip kalava ishlab chiqarish 2016 yilda 367 ming tonna bo‘lgan bo‘lsa 2021 yilga kelib 2,1 barobar o‘sib 778 tonnani;
– Ip gazlama ishlab chiqarish 2016 yilda 246 mln kv. metr bo‘lgan bo‘lsa 2021 yilga kelib 2,8 barobar o‘sib 705 mln kv. metrni;
– Trikotaj mato ishlab chiqarish 2016 yilda 51 ming tonna bo‘lgan bo‘lsa 2021 yilga kelib 3,1 barobar o‘sib 160 ming tonnani;
– Paypoq mahsulotlarini ishlab chiqarish 2016 yilda 51 mln juft bo‘lgan bo‘lsa 2021 yilga kelib 7,8 barobar o‘sib 400 mln.juftni tashkil etib yuqori o‘sish sur’atlarini ko‘rsatdi;
To‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarining eksporti sohasida:
2016 yil yakuniga ko‘ra, 308 korxonalar tomonidan dunyoning
43 davlatlariga 681,1 mln.dollarga teng to‘qimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan bo‘lib shundan, qo‘shimcha va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi 40 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yil yakuniga ko‘ra, 1271 (2016 yilga nisbatan 4,1 barobar) korxona tomonidan dunyoning 72 ta (2016 yilga nisbatan 1,6 barobar) davlatlariga jami 1,9 mlrd.dollarga (2016 yilga nisbatan 2,8 barobar) teng bo‘lgan.
2020 yil yakuni bo‘yicha ip kalavaning jami eksportdagi ulushi 50,7% ga, qo‘shimcha va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlarning ulushlari esa 49,3% gacha oshdi.
Ma’lumot uchun 2021 yil 1-yarim yillik yakuniga ko‘ra, 1363,9 mln.dollarga teng to‘qimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi (jami respublika eksportidagi ulushi 26%) va o‘rtacha oylik eksporti qariyb 230 mln.doll. tashkil etmoqda.
Mahsulotlar jami 58 ta (2020 yil 50 ta) davlatlarga eksport qilingan bo‘lib , Rossiya – 32,8% (454 mln.doll.), Xitoy – 23,8% (329 mln.doll.), Qirg‘iziston – 13,0% (180 mln.doll.), Turkiya – 13,9 (192 mln.doll.) asosiy hamkor davlatlarni tashkil etdi. Ushbu davlatlarning ulushi jami eksportda 84%ga (1,1 mlrd.doll.) to‘g‘ri keldi.
Mahsulotlar eksporti shug‘ullangan korxonalarning soni 1063 tani tashkil etdi.
Investitsion loyihalarni amalga oshirish borasida:
2016 yilda umumiy loyiha qiymati 145 mln.dollarlik 33 ta investitsion loyihalar amalga oshirildi, shundan ip kalava 37,4 ming tonna, ip gazlama
4,2 mln kv. Metr, trikotaj mato 1,8 ming tonna, tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish 7,7 mln dona bo‘lgan bo‘lsa 2020 yilda umumiy loyiha qiymati 474 mln.dollarlik 71 ta investitsion loyihalar amalga oshirildi, shundan ip kalava 128 ming tonna, ip gazlama 35 mln kv. metr, trikotaj mato 6 ming tonna, tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish 89,2 mln dona ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi loyihalar ishga tushirildi.
Buning natijasida 2016 yilda 4 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lsa 2020 yilga kelib ishga tushirilgan investitsion loyihalarda 18 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Yangi turdagi mahsulotlari ishlab chiqarish borasida:
Korxonalar tomonidan yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda jumladan:
- Yuqori raqamli (Ne- 80/1, 60/1, 50/1) sintetik (poliyester) iplar ishlab chiqarish;
- Viskoza tolali aralash ip-kalavalar ishlab chiqarish ;
- Noto‘qima matodan tibbiy himoya mahsulotlari (bir martalik) ishlab chiqarish ;.
- Ko‘ylakbop va shimbop matolar (65% paxta, 35% poliyester) ishlab chiqarish;.
- Aralash tolali gazlama (70% paxta, 30% poliyefir) ishlab chiqarish;
- Jinsi matosi(75% paxta, 25% poliyefir) ishlab chiqarish;
- Jun aralashmali mato ishlab chiqarish;
- Maxsus kiyim va formalar uchun aralash tolali matolar, issiqlikka chidamli aramid matolar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT












