To‘qimachilik va tikuv trikotaj sanoati respublikamizning jadal va shiddat bilan rivojlanib kelayotgan sanoatlaridan. Bunga yurtimizning barcha tumanlarida amalga oshirilgan to‘qimachilik loyihalari va yaratilgan ish o‘rinlari yaqqol dalil bo‘la oladi.
So‘nggi yillar mobaynida to‘qimachilik sanoati keskin o‘zgarishlarga yuz tutdi. Bu eng avvalo xalqaro bozorlarda Uztextile va Made in Uzbekistan yorliqlari ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlaring eksport geografiyasi va hajmi oshgani, o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari qiziqish ortayotganida aks etmoqda. Ayni damda mahsulotlar dunyoning 70 dan ortiq davlatlariga 2.1 mlr.dollarlik mahsulot yetkazib berilmoqda, mahsulotlarning 50% dan ortig‘ini tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari – ya’ni yuqori qiymatli mahsulotlarga to‘g‘ri keladi.
Pandemiya bilan bog‘liq vaziyatga qaramay to‘qimachilik korxonalari tomonidan 2020 yil natijalariga ko‘ra 1.9 mlrd.dollardan ortiq mahsulot eksport qilindi. Yangi bozorlar – Avstriya, Gretsiya, Kuvayt davlatlariga ilk bor mahsulot yetkazildi.
Albatta, to‘qimachilik mahsulotlarini dunyo bozoriga olib chiqish hamda respublikaning investitsiya va eksport salohiyatini keng targ‘ib qilish, xorijiy investorlar va savdo kompaniyalarini jalb qilishda ko‘rgazma va forumlaring o‘rni alohida ta’kidlash kerak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 dekabrdagi PF-5285 farmoni, 2019 yil 16 dekabrdagi PQ-4186 sonli qarorida doimiy ravishda to‘qimachilik ko‘rgazmalarini o‘tkazish va ularni xalqaro ko‘rgazmalari kalendariga kiritish bo‘yicha qator topshiriqlar berilgan.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va ITECA xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bilan hamkorlikda, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ko‘magida har yili Global Textile Days Tashkent – Toshkent xalqaro to‘qimachilik haftaligi loyihasi amalga oshirildi. Ushbu haftalik davomida “UztextileExpo” to‘qimachilik va moda ko‘rgazmasi, CAITME – Markaziy Osiyo to‘qimachilik uskunalari ko‘rgazmasi, TTMA -Toshkent to‘qimachilik uskunalari ko‘rgazmasi, UTC – O‘Zbekiston xalqaro to‘qimachilik konferentsiyasi o‘tkazib kelinmoqda. 2020 yil mavjud pandemiya tufayli ko‘rgazmalarni o‘tkazish imkoni bo‘lmadi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, Toshkent to‘qimachilik haftaligi davomida 35 davlatlardan 500 dan ortiq xalqaro kompaniyalardan 10 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashgan. 2019 yil natijalariga ko‘ra «O‘zekspo markaz» ko‘rgazmalar majmuasining barcha pavilonlari jalb qilingan va ilk bora ko‘rgazma va forumlarda 11 ming ishtirokchi ishtirok etgan.
2021 yilda Uztextile Expo ko‘rgazmasi bahor va kuz oylarida o‘tkazilishi belgilandi. Bunga asosiy sabab ko‘rgazmalarda ishtirokchilar soni yildan yilga oshib borayotgani va o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlariga xorijiy xaridorlarning qiziqishi ortayotganidir.
Bu yil pandemiya bilan mavjud og‘ir sharoitdan kelib chiqib may oyi davomida to‘qimachilik oyligi o‘tkazilmoqda: «Yangi O‘zbekiston – yangi to‘qimachilik: Yevroittifoqda GSP+ benefitsiari» To‘qimachilik forumi o‘tkazildi, 27-29 may kunlari Uztextile Expo to‘qimachilik va moda ko‘rgazmasi, 29 may kuni Buxoro viloyatlarida joylashgan yangi korxonalar ochilish marosimi va investitsiya ob’yektlari bilan tanishish, moda namoyishlari, xalqaro ekspertlar ishtirokida «Xalqaro bozorlarni zabt etish» mavzusida davra suhbatlari va treninglar o‘tkaziladi.
Bundan tashqari Uztextile Expo ko‘rgazmasi doirasida maxsus Bayer dasturi amalga oshiriladi. V2V, V2S, B2G formatida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkaziladi. Rossiya, Belorussiya, Xitoy, Turkiya, Afg‘oniston, Qozog‘iston va boshqa xorijiy davlatlardan ishtirokchi va savdo kompaniyalari ishtiroki kutilmoqda. Bu mahalliy korxonalarga o‘z mahsulotlarini tashqi bozorga olib chiqishga, ommaga o‘zini tanitishga katta imkoniyat yaratadi. Xorijiy kompaniya vakillari esa respublikamizning to‘qimachilik sanoatidagi islohotlar, eksport va investitsiya salohiyati bilan tanishishga imkon beradi, uzoq muddatli shartnomalarni tuzishda Uztextile Expo ko‘rgazmasi eng yaxshi va qulay biznes platforma sifatida xizmat qiladi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi Matbuot xizmati
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




