O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Ishchi guruhi Namangan viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari, aholisi bilan bevosita muloqot qilish, ularni o‘ylantirayotgan muammolar, sektorlar kesimida “mahallabay” ishlash tizimi asosida “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan oilalar bilan olib borilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida Pop tumaniga bordi.
Dastlab Senat Raisi tumanning Chodak hududida joylashgan “Yangi Chodak Serhosil Bog‘lari” kooperativi bilan tanishdi.

Umumiy qiymati 4 mlrd.so‘m miqdordagi intensiv bog‘ yillar mobaynida samarasiz yotgan yerlarda yaratilgan. Buning uchun 450 gektar yer o‘zlashtirilib, hozirda 100 gektar yerga 51 ming dona 4 xil navdagi o‘rik ko‘chatlari ekilgan. Shuningdek, 15 ming m3 sig‘imdagi membrana hovuzlari, 100 gektar yer maydoniga esa suvni tejaydigan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan.
Ushbu yerlar o‘zlashtirilib, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 100 nafar o‘g‘il-qizlarga 1 gektardan serhosil ko‘chatlar ekilgan bog‘lar berilgan.

Senat Raisi T. Narbayeva yoshlar bilan uchrashdi. Suhbat davomida ular tomonidan bildirilgan takliflarni eshitib, o‘z tavsiyalarini berdi.
Shundan so‘ng parlamentning yuqori palatasi Raisi Pop tumani 1-sektor hududidagi “Yakkatut” mahalla fuqarolari yig‘iniga bordi. Bu yerda mahalla raisi va faollar bilan mahallabay tizimi “Temir”, “Ayollar”, “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan fuqarolar bilan olib borilayotgan ishlar bo‘yicha suhbatlashdi.

O‘rganish davomida Senat Raisi mahalla binosida o‘zining tadbirkorlik faoliyatini boshlab, ishsiz bo‘lgan 15 nafar ayollarni ish bilan ta’minlagan Masturaxon Niyozovaning ish faoliyati bilan tanishdi.
Shuningdek T. Narbayeva “Yakkatut” madaniyat markazi binosida ushbu hududda “Temir”, “Ayollar”, “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan mahalla aholisi bilan uchrashib, muloqot qildi.

Senat Raisi boshchiligidagi Ishchi guruhning Namangan viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda.

O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




