1 mart kuni UZ-KOR TEXTILE TECHNOPARKda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda, «O‘zstandart» agentligi raisi, Iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mutasaddilari, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, xalqaro sertifikatsiya kompaniyalari Hohenstein, SGS kompaniyalari vakillari va to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari mas’ul xodimlari qatnashishdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – xalqaro standartlar va sertifikatsiyalarni to‘qimachilik korxonalarida joriy qilish va shu bilan birgalikda mahsulotni tashqi bozorlarda raqobatbardoshligi oshirishdan iborat va respublika to‘qimachilik va tikuv trikotaj sanoatini «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga ISO 9001:2015 xalqaro sertifikatini topshirish marosimi bo‘ldi.
Ma’lumki Prezidentimiz tomonidan to‘qimachilik sanoati respublika iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biri etib belgilangan. Bunga sohada so‘ngi yillarda erishilgan yutuqlar, sanoat korxonalarini tubdan isloh qilinishi, ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatgichlarining o‘sish suratlari oshishi, respublikaning barcha hududlarida to‘qimachilik va tikuv trikotaj korxonalarining tashkil etilishi va shu hududlarda aholi bandligini, xususan, xotin qizlar bandligini ta’minlanishi sabab bo‘ldi.
2020 yilda dunyoda mavjud pandemiya bilan bog‘liq vaziyatga qaramay Mahsulotlar 60 dan ortiq mamlakatlarga 1 200 dan ortiq korxonalar tomonidan 1,9 mlrd.dollarlik eksport amalga oshirildi.
Mahsulotlar kesimida qo‘shimcha va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksporti 50,2 foizni tashkil etdi. Frantsiya, Avstriya, Kuvayt, Vengriya, Filippin, Lyuksemburg va Gretsiya kabi yangi bozorlar zabt etilib, Yevropa Ittifoqi kabi mamlakatlarga ham eksport amalga oshirildi. Ayniqsa ushbu mamlakatlarga tibbiy mahsulotlar yetkazib berish keng yo‘lga qo‘yildi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan avvalo mahsulotlarni sifatini oshirish, xorijiy bozorlarda to‘qimachilik mahsulotlariga qo‘yiladigan talablardan kelib chiqqan holda sertifikatsiyadan o‘tkazish, milliy kiyim brendlarini tashqi bozorlarga olib chiqish va tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish, o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari nufuzini oshirishga qaratilgan bir qator ishlar olib bormoqda.
Bunda so‘z olgan «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi I.Xaydarov standartlarning to‘qimachilik sanoatining keyingi rivoji uchun ahamiyati va zarurati to‘g‘risida so‘zladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugungi kunda to‘qimachilik sanoati korxonalari respublikada xalqaro standartlarni joriy qilishda yetakchilik qiladi va 1300ga yaqin korxonalarda turli xil xorijiy standartlar joriy qilingan.
Bu ko‘rsatgich 2019 yilda 1086 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 1296ta, 2021 yilda 1400, 2022 yilda 1650 tani tashkil etishi maqsad qilingan.
Hozirda uyushmaga a’zo korxonalarining 1100 tasida ISO 9001:2015, 45 – OEKOTEX, 12 – BSCI, 6 – GOTS, 7-SEDEX xalqaro standartlar va sertifikatlar joriy qilingan.
Eng katta yutuq sifatida Shveytsariyaning SGS xalqaro sertifikatsiya kompaniyasi tomonidan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ham ISO 9001:2015 xalqaro standartlari joriy qilinib tadbir davomida uyushma rahbariyatiga maxsus Sertifikat tantanali ravishda topshirildi. Ushbu sertifikat 3 yil davomida: 2024 yil 3-fevralgacha amal qiladi.
Bundan tashqari, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi qoshida «Tekstil standart serviz» tashkiloti tuzildi. Ushbu tashkilot to‘qimachilik va tikuv trikotaj korxonalarida xalqaro standartlarni joriy qilish va mahsulotlarni sertifikatsiyalash bilan bog‘liq barcha ishlarda tadbirkorlarga ko‘maklashadi.
Tadbir davomida korxona vakillari uchun OEKOTEX xalqaro standartini joriy qilish yuzasidan Germaniyaning Hohenstein kompaniyasining O‘zbekistondagi vakillari tomonidan amaliy seminar tashkil etildi. Kompaniya vakili Anna Ten – “Oekotex xalqaro sertifikati Yevropa bozoriga kirishda muhim sertifikatdir. Hozirda bizning sertifikat AQSh va Xitoyda ham tan olinadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘tgan davr mobaynida Hukumat tomonidan xalqaro standartlarni joriy qilishda berilayotgan subsidiyalar to‘qimachilik korxonalarini yanada rivojlantirishga turtki bo‘ldi. Hozirda 45 dan ortiq yirik korxonalar ushbu standartlarni joriy qilishgan. Bu to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksportini oshirishda katta qadam.» – deydi Hohenstein xalqaro sertifikatsiya kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




