Andijon viloyati Bo‘ston tumanidagi «Sayyora favvorasi» xususiy korxonasi paxta to‘qimachilik klasteri ma’muriyati tomonidan ishsiz yoshlarning 90 nafariga 10 sotixdan yer ajratib berildi.
Mazkur qishloq xo‘jalik klasteri tasarrufidagi Bo‘ston tumanining Ulug‘bek massivida joylashgan 27-bo‘limning 9 gektarlik ekin maydoni tumandagi Maorif, Ko‘hinur, Mustaqillikning 15 yilligi va G‘olib mahalla fuqarolari yig‘inlarining «Temir daftari» ro‘yxatida turgan ehtiyojmand oilalarning 30 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga hamda «Yoshlar daftari» ro‘yxatida bo‘lgan ishsiz yoshlarning 60 nafariga, shuningdek qishloq xo‘jalik klasteriga qarashli paxtani qabul qilish va qayta ishlash zavodida ishlovchi ishchilarning farzandlaridan 30 nafariga 10 sotixdan yer ajratib berildi.
Ularga yer ajratib berishda klaster ekin maydonlarining eng serunum yerlaridan berilishiga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga yer berilayotgan yoshlarning hujjatlari klaster ma’muriyati tomonidan ro‘yxatga olinib, qonuniy rasmiylashtirildi. Endilikda ular bu yerda bemalol poliz va sabzavot ekinlarini ekib, yetishtiradilar o‘zi va oilasi iqtisodini yuksaltirib, oilaviy daromadlarini oshiradilar. O‘z o‘rnida bu ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlab, yoshlar o‘rtasida ishsizlik bilan birga bekorchilikdan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishini oldini oladi.
Yanada e’tiborlisi shuki «Sayyora favvorasi» xususiy korxonasi paxta to‘qimachilik klasteri ma’muriyati yer ajratib berilgan yoshlarga yanada qulay imkoniyatlar yaratib beryapti. Bunda yoshlarga yer ajratib berishdan tashqari ularga ekin ekish uchun urug‘liklarni yetkazib berish, ekinlarni yetishtirishdan boshlab, hosil olishga qadar bo‘lgan mavsumiy agrotexnika tadbirlarini amalga oshirishda amaliy yordamlar ko‘rsatishni o‘z zimmasiga olgan. Bundan tashqari qishloq xo‘jaligi klasterining tajribali agronomi va iqtisodchi mutaxassisi yer ajratib berilgan yoshlarning dehqonchilik va iqtisodiy ko‘nikmalarini shakllantirishlari uchun o‘z tavsiya va maslahatlarini berib borishga biriktirildi.
Shuningdek, yoshlarga yer ajratib berish tadbirida Bo‘ston tumanida qishloq xo‘jaligi rivojlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelgan mehnat faxriysi Muhammadqodir hoji Turdiyev hamda «Sayyora favvorasi» xususiy korxonasi paxta to‘qimachilik klasterining moliyaviy masalalar bo‘yicha direktori Bahodirjon Qodirovlar so‘zga chiqib, yor ajratib berilgan yoshlarga ushbu ekin maydonlaridan unumli foydalanishlari va o‘zlarining halol mehnatlari bilan oilaviy iqtisodini yuksaltirishlariga umid bildirdilar. Yosh dehqonlarning boshlayotgan ishlariga omad tiladilar.
«Yangi O‘zbekiston»: Ilhomjon TOJIBOYEV
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




