Avval xabar qilinganidek, Navoiy viloyatida “Nafosat – 2021” festivali bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash komissiyasi tashabbusi bilan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, “Yosh dizaynerlar” kengashi va viloyat hokimligi hamkorligida o‘tkazilayotgan festival aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kiyinish madaniyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Festivalning ikkinchi kunida tadbir ishtirokchilari Nurota tumaniga tashrifi davomida Navoiy tasviriy va amaliy san’at maktabi binosining foyesida maktab o‘quvchilari tomonidan milliy kiyinish madaniyatini targ‘ib qiluvchi san’at ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Ular “Eshon Sudur” MFYdagi hunarmand, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan Saodat Fayziyeva xonadonida bo‘lib, hunarmand tomonidan milliy merosimiz va qadriyatlarimizni o‘zida mujassamlashtirigan kashtachilik san’ati sir-asrorlari bilan tanishdi.
Ayni paytda S.Fayziyeva “Ustoz-shogird” yo‘nalishi bo‘yicha 80 nafar ishsiz xotin-qizni hunarmandlikka jalb etgan holda faoliyat olib bormoqda.
Tadbirning asosiy qismi bayramona bezatilgan “Sarvar” to‘yxonasida tashkil etildi. Unda tumandagi hunarmandchilik, tikuvchilik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning qo‘l mehnati bilan yaratilgan mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilgan “Orasta qizlar” va “Qizlarjon” to‘garaklari a’zolarining milliy liboslarda chiqishlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tashkil etilgan “Qo‘g‘irchoq teatri” tomoshalari, ayniqsa, tikuvchi Gulbahor To‘raqulova, hunarmand kashtachilar Saodat Fayziyeva, Nozigul Mirzayeva tomonidan yaratilgan milliy liboslar o‘ziga xosligi bilan ko‘pchilikni qiziqtirdi.
Festival yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bosh maslahatchisi Nodira Shotursunova, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi yangi dizaynerlik ishlanmalarini joriy etish bo‘limi boshlig‘i Kamola Gulyamova, senatorlar Dilbar Orziyeva va Jamshid Xodjayev faol dizayner va hunarmandlarga tashkilotchilarning “Tashakkurnoma” va estalik sovg‘alarini topshirdi.
Festival Xatirchi tumanida davom etmoqda.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




