“Yoshlar markazi”da Navoiy shahridagi dizaynerlar va hunarmandlar tomonidan yaratilgan milliy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Navoiy viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni taminlash komissiyasi tashabbusi bilan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, “Yosh dizaynerlar” kengashi va Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida viloyatda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kiyinish madaniyatini yanada keng targ‘ib etishga qaratilgan 3 kunlik “Nafosat – 2021” festivali o‘tkazilmoqda.
Festival doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bosh maslahatchisi Nodira Shotursunova, senator Dilbar Orziyeva, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi yangi dizaynerlik ishlanmalarini joriy etish bo‘limi boshlig‘i Kamola Gulyamova, viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Malika Mamadiyarovalar so‘nggi yillarda yurtimizda xotin-qizlarning mavqeini yanada oshirish, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Jumladan, respublika bo‘yicha ayni paytda 6000 nafar faol va tashabbuskor xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi yaratilgan bo‘lib, ularni o‘qitish va rahbarlikka tayyorlash jarayoni ketmoqda. Hududlarda, barcha tashkilot va korxonalarda “Ayollar maslahat Kengashlari” tashkil etilmoqda.
Matbuot anjumanida bugungi kunda milliylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan holda moda yo‘nalishlarini yaratish, bunda vijdon va e’tiqod erkinligiga qat’iy amal qilgan holda o‘zbek milliy moda yo‘nalishini shakllantirish mazkur tanlovning asosiy maqsadi ekanligi aytib o‘tildi.
“Yoshlar markazi”da Navoiy shahridagi dizaynerlar va hunarmandlar tomonidan yaratilgan milliy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning taqdirlash marosimida Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev so‘zga chiqib, festival ishtirokchilarini tabrikladi hamda ijtimoiy hayotda ayollarning o‘rni ortib borgani sari ularning kiyinishiga ham e’tibor qaratilib, tashqi ko‘rinishiga, ular o‘rtasida milliy va zamonaviy ruhdagi, mentalitetimizga mos ravishda kiyimlar andozasini muntazam ravishda targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Milliy liboslar ko‘rgazmasida faol ishtirok etgan dizayner va hunarmandlar tashkilotchilarning “Tashakkurnoma”si va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Nafosat” festivali 12-13 fevral kunlari Nurota va Xatirchi tumanlarida davom etadi. Unda dizaynerlar, hunarmandlar va ishlab chiqarish korxonalari tomonidan yaratilgan milliy va zamonaviy liboslar ko‘rgazmasi, yoshlar va xotin-qizlar ishtirokida “Yoshlar modasi, an’analar va zamonaviy yo‘nalishlar”, “Ayollar va yoshlar orasida kiyinish madaniyati” mavzularida seminar va davra suhbatlari, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qilib kelayotgan oilaviy tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
Abduvali BO‘RIYEV, O‘zA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT







