2021 yil 27 yanvar kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti binosida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kiyinish madaniyati targ‘ibotini tashkil etishga qaratilgan “Nafosat” festivali doirasida yosh dizaynerlar va soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda senatorlar, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, kiyinish madaniyati orqali har bir inson o‘z dunyoqarashi, atrofidagi insonlarga munosabatini aks ettiradi. Shu jihatdan inson egnidagi libos, avvalo, uning yoshi, ijtimoiy maqomi va muloqot vaziyatiga mos bo‘lmog‘i lozim. Qolaversa, xalqimizga xos qadriyatlarni ham namoyon etishi kerak. Davra suhbatida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida fikr almashildi. Jumladan, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan yoshlarning kiyinish madaniyati haqidagi fikr-mulohazalarini o‘rganish bo‘yicha so‘rovning tashkiliy va amaliy jihatlari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, “Nafosat” festivali doirasida o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar tavsiya xususiyatiga ega bo‘lib, vijdon va e’tiqod erkinligi asosida xalqimizga mos kiyinish madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan.
Shuningdek, ulardan ko‘zlangan maqsad – yoshlar orasida kiyinish madaniyatini rivojlantirish, milliy kiyimlarning zamonaviy uslubdagi andozalarini yaratish, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ayollarning kiyinish uslubi borasida tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari tomonidan “O‘zbekiston yoshlari – milliy madaniyat va qadriyatlar” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Unda talaba-yoshlar o‘rtasida bugungi kunda urfda bo‘lgan liboslar haqida to‘xtalib, milliy va zamonaviy dizaynlar asosida tayorlangan klassik liboslarning afzalliklari xususida fikrlar ilgari surildi.
Qolaversa, davra suhbatida ishtirok etgan dizaynerlar va soha mutaxassislari tomonidan zamonaviy o‘zbek ayoli imiji bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Ular tomonidan yig‘ilganlar e’tiboriga taqdim etilgan ma’ruzalarda zamonaviy modaning mentalitetimizga mos yangiliklaridan foydalanish, ularni milliy uslubimizga moslashtirish bo‘yicha takliflar berildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




