Janubiy Koreya O‘zbekiston bilan Erkin savdo shartnomasini (ESSh) tuzish bo‘yicha ishlarni tezlashtiradi. Bu haqda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In o‘zining koreys xalqiga yo‘llagan Yangi yil murojaatida ma’lum qildi.
«Biz Filippin, Kambodja va O‘zbekiston bilan ESSh muzokaralarini tezlashtirish orqali Yangi Janubiy va Yangi Shimoliy siyosat bo‘yicha almashinuv va hamkorlikni kengaytiramiz»,—dedi Koreya Respublikasi Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya hukumati tomonidan faol ilgari surilayotgan «Yangi Shimoliy siyosat» Yevroosiyo qit’asi mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekiston bilan turli jabhalardagi yaqin hamkorlik munosabatlarni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Koreya Respublikasi hozirga qadar Yevropa Ittifoqi va Yevropa erkin savdo uyushmasi, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) kabi tashkilotlar, shuningdek, AQSh, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Chili, Kolumbiya, Peru, Xitoy, Hindiston, Singapur, Vyetnam va Turkiya kabi davlatlar bilan Erkin savdo shartnomalarini imzolagan.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli hamkorlar sanaladi. Oliy darajadagi muloqotlar va mushtarak intilishlar samarasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi, Janubiy Koreya rahbari Mun Chje Inning 2019 yil aprelda O‘zbekistonga davlat tashrifi o‘zaro munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi. Mazkur tarixiy tashriflar ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi siyosiy munosabatlari xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhida davom etmoqda. Tomonlarning global hamda mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar bo‘yicha yondashuvlari o‘xshash yoki yaqindir.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy aloqalar jadal sur’atlarda rivojlanmoqda, konstruktiv hamda o‘zaro manfaatli siyosiy muloqot tobora faollashmoqda. Koreya Respublikasi yurtimizda sanoat va infratuzilmani diversifikatsiyalash hamda modernizatsiyalash bo‘yicha ustuvor dasturlarni amalga oshirish sohasida yetakchi texnologik sherik sanaladi.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning alohida strategik sheriklik munosabatlari teng huquqlilik hamda ko‘p qirrali hamkorlik asosida uzoq istiqbolli xususiyat kasb etgan. Shu bois Koreya Respublikasi Prezidentining joriy yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ESShni tuzish bo‘yicha ishlarning tezlashtirishi haqidagi murojaati o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada taraqqiy toptirish, koreyalik ishbilarmonlarni yurtimizga keng jalb qilish hamda biznes hamkorlikni faollashtirish yo‘lida yangi imkoniyatlarni ochishi shubhasiz.
Janubiy Koreya O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 2,755 milliard dollarni, 2020 yil yanvar-noyabr oylarida – 1,908 milliard dollarni tashkil etdi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




