Bugun, 12 yanvar kuni «Nafosat» festivali doirasida yosh dizaynerlar va soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kiyinish madaniyati targ‘ibotini tashkil etishga qaratilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi mutaxassislari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari va yosh dizaynerlar so‘zga chiqdi.
Tadbirda yetakchi o‘zbek brendlari, kiyinish madaniyatini milliy qadriyatlarimiz asosida targ‘ib etish, zamonaviy diplomat ayol bo‘lishda intellektual salohiyat va yuksak ma’naviy qiyofaning muhimliligi borasida ma’ruzalar qilinib, zamonaviy modaning mentalitetimizga mos yangiliklaridan foydalanish, ularni milliy uslubimizga moslashtirish, ishbilarmon ayol imiji bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Shu bilan birga seminar-treningda talaba yoshlarga “Buka” milliy brendi dizayneri tomonidan «Turmush tarzi, sport va libos» mavzusidagi prezentatsiyasi taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, kiyinish madaniyati inson ma’naviyatining o‘ziga xos ko‘zgusi bo‘lib, ko‘p jihatdan shaxsning fe’l atvori, dunyoqarashi va qadriyatlaridan dalolat beradi. Shu jihatdan xalqimizga mos uslub barcha zamonlarda ham millatimizga xos orastalik, kamtarlik va go‘zallikka intilish kabi fazilatlarni namoyon etib kelgan.Ushbu xususiyatlar, ayniqsa, katta dolzarblik kasb etayotir.
2020 yil 20 noyabridan 20 dekabrigacha bir oy davomida Buxoro, Farg‘ona, Namangan viloyatlarida «Nafosat» festivali o‘tkazildi. Unda Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlaridan soha mutaxassislari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi va davra suhbatlari, ko‘rik-tanlovlar va boshqa ommaviy tadbirlar tashkil etildi.
Qayd etish joizki, Festival doirasidagi tadbirlar Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida davom ettiriladi.
Mazkur tadbirlarda soha mutaxassislari tomonidan tayyorlangan liboslar ko‘rgazmasi, turli tanlovlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




