11 yanvar kuni «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasida misrlik tadbirkorlar bilan uchrashuv chogida to‘qimachilik mahsulotlari masalalari muhokama qilindi. Muzokaralarda »Octagon for Textile Industries rahbariyati, Uyushma va «To‘qimachilik mahsulotlari reklama va marketingi agentligi» xodimlari ishtirok etishdi.
Ma’lumot uchun:
Oktagon To‘qimachilik Sanoati (OTI) 1990- yilda to‘qimachilik savdo kompaniyasi sifatida tashkil etilgan. Kompaniya yuqori sifatli teksturali neylon, poliyester va boshqa ko‘p turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Asosiy ish faoliyati erkaklar, ayollar kiyimi va ichki kiyimini ishlab chiqarishdan iborat bo‘lib, bunga qadar ushbu mahsulot xomashyosi bo‘lgan ip-kalavani asosan Hindiston va Pokiston davlatlaridan xarid qilgan.
Muzokaralar chog‘ida misrlik tadbirkorlar tomonidan hozirgi paytda dunyoda, xususan, arab davlatlarida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlariga talab ortayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, o‘zbek paxtasini sifatiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shu qatorda, mehmonlarga uyushma vakillari tomonidan Hukumat tomonidan to‘qimachilik sanoatiga qilinayotgan e’tibor, investitsiya salohiyati va uning afzalliklari haqida batafsil yoritib berildi.
Muzokaralar so‘nggida, Misr davlatiga O‘zbekiston korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xaridini oshirish maqsadida amaliy ishlar boshlab yuborilganligini ta’kidlab, kelajakda ikki yoqlamaviy hamkorlikni yanada rivojlanishiga yuksak ishonch bildirildi.
Shuningdek misrlik tadbirkorlar Toshkent shahri da joylashgan «Uztex Group» korxonasi faoliyati bilan tanishishdi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT








