Namangan aholisi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kiyinish madaniyati targ‘ibotini tashkil etish maqsadida tashkillangan “Nafosat-2020” festivalining asosiy tadbirlari 12 dekabrga qadar Namangan shahridagi “Shodiyona” majmuasida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Gender tenglikni ta’minlash komissiyasi tashabbusi bilan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilayotgan festivalning ilk kunida mahalliy yosh dizaynerlar o‘rtasida milliy va zamonaviy andozalarni chizish bo‘yicha “Yosh dizaynerlar” tanlovi, Namangan ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi o‘quvchilari ishtirokida modalar namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda qatnashgan barcha yosh ishtirokchilarning kiyinish madaniyati mavzusida fikr-mulohazalarini o‘rganish maqsadida “Ijtimoiy fikr” Markazi tomonidan ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.
Xozirda “Ijtimoiy fikr” Markazi “Yoshlarning kiyinish madaniyati haqidagi fikri” mavzusida so‘rovni masofaviy tarzda ham o‘tkazmoqda. Mazkur sotsiologik so‘rovda 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etishlari mo‘ljallangan.
Ishonchimiz komilki, “Nafosat-2020” festivali doirasida o‘tkazilayotgan bu kabi tadqiqot natijasi asosida Markaz mutaxassislari tomonidan ishlab chiqiladigan ilmiy xulosalar tavsiya xususiyatiga ega bo‘lib, vijdon va e’tiqod erkinligi asosida xalqimizga mos kiyinish madaniyatini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ulardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlar orasida kiyinish madaniyatini rivojlantirish, milliy kiyimlarning zamonaviy uslubdagi andozalarini yaratish, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ayollarning kiyinish uslubi borasida tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
“Ijtimoiy fikr” Markazi Sizni “Yoshlarning kiyinish madaniyati haqidagi fikri” mavzusidagi so‘rovimizda ishtirok etishga taklif etadi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT










