Ko‘hna va hamisha navqiron Buxoroda puxta tayyorgarlik va uyushqoqlik bilan tashkil etilgan “NAFOSAT — 2020” festivalining dastlabki kunida poytaxt hamda viloyatlardan tashrif buyurgan mehmonlar, viloyatimizning mohir chevarlari, milliy liboslar dizaynerlari, soha mutasaddilari ishtirokida «SAHID ZARAFSHON” mehmonxonasida “Buxoro milliy liboslari tarixi” modalar namoyishi ochildi.

Unda respublika “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi dizayn bo‘limi boshlig‘i Kamola G‘ulomova yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berib, mamlakatimizda xalq amaliy san’atining shakllangan milliy hunarmandchilik turlari, respublika hamda xorij davlatlarida tashkil etib kelinadigan nufuzli an’anaviy ko‘rgazmalarda o‘z kollektsiyalari bilan ishtirok etib kelayotgan mahorat egalari ish tajribasini ommalashtirish, joylarda “ustoz-shogird” yo‘nalishida xalq hunarmandchiligini yanada ravnaq toptirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Shundan so‘ng festival podiumida chevar dizaynerlar mehnatining mahsuli, ya’ni modalar namoyishi boshlandi. Unda xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘layotgan dizayner Irina Sharipova hamda “Ovatsiya” modalar teatri tomonidan tayyorlangan liboslar, shuningdek, “Qadimiy Turon afsonasi”, “Buxoro ertaklari”, “Modnaya Buxara”, “Maftunkor Sharq ayoli” turkumidan tayyorlangan bir-biridan maftunkor kollektsiyalar namoyish qilindi.





Darvoqe, festival munosabati bilan bayramona bezatilgan “SAHID ZARAFSHON” mehmonxonasi foyesida xalq amaliy san’ati namunalari, kandakorlik, yog‘och o‘ymakorligi, musavvirlik, shuningdek, jozibador va jahon bozorida o‘z o‘rni va bahosiga ega qorako‘l terilaridan tikib tayyorlangan kiyim-kechak va bosh kiyimlari, xuddi shunday, pishiq ipak va yuqori sifatli momiq paxta matosidan milliy namunada yaratilgan kiyim-kechaklar ko‘rgazmasi ham festivalga tashrif buyurganlarning e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.






O‘z repertuari bilan ishtirok etayotgan san’at ustalari, viloyat badiiy jamoalari hamda folklor dastalari, xushovoz estrada xonandalari kontsert dasturlari ham “NAFOSAT––2020” festivalining yanada gavjum, esda qolarli va yuqori darajada o‘tishiga xizmat qilmoqda.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT











