Sirdaryo viloyatida suv toshqini oqibatida talofat ko‘rgan tumanlarda yangi to‘qimachilik sanoati korxonalari ish boshlash arafasida. Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida yirik to‘qimachilik va tikuv-trikotaj loyihalarini foydalanishga topshirish orqali mazkur hudud aholisini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularni doimiy ish bilan bandligini ta’minlashga hamda hudud aholisining real daromadlarini oshirilishiga imkon beradi.
Xususan, Sardoba tumanida “Sardoba Oqsaroy Tekstil” MCHJ tomonidan loyiha qiymati 5,0 mln.dollar bo‘lgan, yiliga 1,4 mln. dona tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari va 900 tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatlari yaratilishi hisobiga 1-bosqichda 500 ta hamda 2-bosqichda yana 500 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Mirzaobod tumanida “Orchid beauty” MCHJ tomonidan loyiha qiymati 6,4 mln.dollar bo‘lgan, yiliga 0,9 ming tonna trikotaj mato, 2,4 ming tonna matoni bo‘yash va gul bosish, 1,4 mln.dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilishi hisobiga 1-bosqichda 350 ta, 2-bosqichda 650 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi mo‘ljallangan.
Oqoltin tumanida “Oqoltin mega tekstil” MCHJ tomonidan loyiha qiymati 6,5 mln.dollar bo‘lgan yiliga 2,6 mln. dona tayyor tikuv-trikotaj va djins mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari yaratilishi hisobiga 800 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi ta’minlanadi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, pandemiya bilan bog‘liq vaziyatga qaramay tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ushbu loyihalar qisqa muddatlarda, ya’ni 3 oy davomida qurib bitkazilishi ta’minlandi.
Bugungi kunda mazkur ob’yektlarda pardozlash-ta’mirlash ishlari, dastgohlarni keltirish va o‘rnatish ishlari yakuniga yetkazilmoqda hamda loyihalarni joriy yil sentyabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Ushbu loyihalar to‘liq ishga tushirilishi natijasida mazkur hududlarda 2800 dan ortiq yangi doimiy ish o‘rinlari yaratiladi, shundan 70 foizini mahalliy yoshlar tashkil etadi.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning bir qismi ichki bozor talablarini qondirsa, 80% eksportga yo‘naltiriladi. Mazkur hududda eksport salohiyati 15,0 mln. dollarga qo‘shimcha ravishda oshiriladi hamda mahalliy aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT







